Texnologik kashfiyotlar imkoniyati yanada kengayib borayotgan hozirgi davrda radio insoniyat kundalik hayotining bir qismiga aylanib ulgurgan. Radio tinglovchini yangiliklaridan xabardor qilish, kerakli ma’lumotlarni yetkazish, gohida shunchaki yoqimli qo‘shiqlarni taqdim etish orqali dunyo aholisini bir doira atrofida birlashtiradi. Eng arzon, tezkor va ommabop aloqa-axborot vositasi sifatida radio jamiyatning barcha qatlam vakillari uchun ta’lim darajasi, irqi, yoshi, moddiy ahvolidan qat’i nazar ularga jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etish imkonini beradi.
Bundan 80 yil avval kashf etilgan radio aloqa vositasi yillar davomida yanada takomillashib bordi. Turli ommaviy axborot vositalari ta’siri ostida ushbu aloqa-axborot vositasi negizida kompyuter, mobil aloqa vositasi, planshetlar paydo bo‘ldi. Radioning insoniyat hayotidagi ahamiyati inobatga olingan holda, 1946 yil 13 fevral – «BMT radiosi» tashkil etilgan kun munosabati bilan 2011 yil YUNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 13 fevral – Butunjahon radio kuni, deb e’lon qilindi.
Muhim axborot vositasi sifatida radio bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish, balki ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar, omma fikrini shakllantirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.
Kun yangiliklarini yoritishda OAV orasida radioni ahamiyatini e’tirof etish, jamiyat hayotida radio mavqeini oshirish hamda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida yil taqvimi sahifalarida ushbu kun alohida tarixiy sana sifatida belgilangan. Har yili Butunjahon radio kuni munosabati bilan dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida 500 ga yaqin tadbir tashkil etiladi. Bu esa o‘z navbatida ushbu kunni xalqaro miqyosda keng nishonlanadigan sanalar qatoridan joy olishga zamin yaratmoqda.
[gallery-5749]
Termiz shahrida radio eshittirishlar 1940 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Dastlabki davrda sim orqali radioeshittirishlarni faqat Termiz shahri aholisi tinglash imkoniga ega bo‘lgan bo‘lsa, 1954 yildan radio efiri tog‘li Boysun tumanidan tashqari, viloyatning barcha tumanlarini qamrab oldi.
1960–1970 yillarda Surxondaryo radiosi eshittirishlari hajmi kuniga 1 soatni tashkil etgan. Shundan 30 daqiqalik eshittirish mahalliy matbuot sharhi hamda qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, ayni tush payti aholi ishdan hordiq oladigan vaqtda efirga uzatilar edi, kechki dasturlar mundarijasini esa o‘zbek va rus tillaridagi viloyat yangiliklari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid turli rukndagi eshittirishlar, radiojurnallar, dam olish dasturlari tashkil etgan.
Qariyb 40 yillik faoliyati davomida o‘z binosiga ega bo‘lmagan Surxondaryo radiosi uchun 1986 yilga kelib alohida bino ajratiladi. 1988 yildan efirga uzatiladigan radiodasturlarning efir qamrovi kengayib, tojik tilida ham eshittirishlar uzatish yo‘lga qo‘yiladi.
2003 yil 1 noyabrdan viloyat radiosi «Yangi asr» radiokanali nomi bilan o‘z faoliyatini davom ettirdi. Radiokanal yildan-yilga o‘z efir soatlarini oshirib borib, hozirda uning bir kunlik efir vaqti 16 soatni tashkil etmoqda.
«Yangi asr» radiokanali eshittirishlari informatsion, ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy-badiiy hamda ko‘ngilochar-musiqiy-dam olish yo‘nalishida bo‘lib, FM 102,1 va 101,0 to‘lqinlari orqali efirga uzatiladi. Radiokanal eshittirishlari efir qamrovi juda keng bo‘lib, Afg‘oniston, Tojikiston hamda Turkmaniston Respublikalarining chegaradosh viloyatlari aholisi ham eshitish imkoniyatiga ega.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida O‘zbekiston MTRK va «ZAO «Televizijos ir rysio sistemos» YOAJ Litva o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, 2019-2020 yillar davomida Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining «Yangi asr» radiosi zamonaviy, so‘nggi rusumdagi texnik uskunalar bilan jihozlandi. Natijada bugungi kunda efir sifati yaxshilanib, ish samaradorligi yanada oshdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA