Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Radar” o‘rnatishning tartibi bormi?
12:25 / 2024-02-05

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qaroriga ilova shaklida qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidalari”da foto va video qayd etish terminiga ta’rif berilgan.

Unga ko‘ra, foto va video qayd etish — yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari, shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar yordamida qayd etishdir.  

Xo‘sh, foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish uchun qanday talablar qo‘yilgan?  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 apreldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 2-ilovasiga asosan, foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish uchun  quyidagi talablar amalga oshirilgandagina ruxsat beriladi.  

Ya’ni, tizimni joylashtirish uchun avtomobil yo‘lining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda, o‘ng yoki chap yo‘nalishga «I», «G», «T» yoki «P» shakldagi metall ustun o‘rnatiladi. Tizimlar metall ustunga 6 metrdan kam bo‘lmagan balandlikda o‘rnatiladi.  

Metall ustunlarni o‘rnatish, loyihalash, ekspertizadan o‘tkazish va tegishli davlat idoralari bilan kelishish ishlari tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladi.  

Metall ustun va transport vositasining to‘xtash chizig‘i oralig‘idagi masofa tizim qurilmalarining texnik xususiyatlari, relefning murakkabligi va muhandislik kommunikatsiyalari mavjudligidan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Tizim o‘rnatilgan metall ustunga umumiy holatni kuzatish va o‘rnatilgan qurilmalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 360 gradus radiusdagi kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.  

O‘rnatilgan metall ustunlarning o‘ng yoki chap tomonidan 4 metr balandlikda telekommunikatsiya javoni o‘rnatiladi. Ushbu javon kerakli aloqa hamda elektr qurilmalari bilan jihozlanadi.    

Mazkur qurilmalarning texnik talablari shular. Xo‘sh, bu qurilmalar o‘rnatiladigan joy to‘g‘risida yo‘l harakati ishtirokchilarining xabardorlik darajasi qanday bo‘lishi kerak?  

Yuqorida eslatib o‘tilgan qoidalarning yo‘l belgilariga bag‘ishlangan ilovasida foto va video qayd etish belgisi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, yo‘llarda avtomobil haydovchilari qoidalar talabiga rioya etishi elektron qurilmalar yordamida nazorat qilinayotganini bildiruvchi yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ushbu yo‘l belgisi qoidalar talabiga rioya etilishi statsionar elektron qurilmalar orqali nazoratga olingan joylarga o‘rnatiladi, deb belgilab qo‘yilgan.  

 

Demak, texnik talablarga javob beradigan foto-video qayd etish belgisi o‘rnatilgan joy to‘g‘risida ogohlantiruvchi 5.41 belgisi o‘rnatilishi shart ekan. Mazkur tartibga amal qilinmagan holatda rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.  

Iroda Qahhorova, huquqshunos