Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rabinjon xazinasi: zamin qa’rida ming yil saqlangan dafina
07:49 / 2025-10-17

Samarqanddan qariyb 80 kilometr g‘arbda, hozirgi Narpay tumani hududidagi qadimgi Rabinjon shahri xarobalarida 1971 yilda olib borilgan oddiy xo‘jalik ishlari kutilmaganda asrlar sirini ochdi.

Yer ostidan sarg‘ish-oq tusli kichik bir sopol ko‘zacha topildi. Bu mo‘’jazgina idish ichida naq ming yil muqaddam zarb etilgan oltin tangalar xazinasi yashiringan edi. Bu topilma shunchaki qimmatbaho buyumlar to‘plami emas, balki unutilgan shahar – qachonlardir Buxoro va Samarqandni bog‘lovchi asosiy savdo yo‘lida joylashgan, Somoniylar davrining muhim markazlaridan biri bo‘lgan Rabinjonning tarixiy merosi edi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan o‘rganilgan xazina 44 dona oltin dinordan iborat bo‘lib, ular hijriy 297–327 yillar (milodiy 909/10–938/9) oralig‘ida zarb qilingani aniqlandi. Tadqiqotlarning ilk natijalariyoq o‘sha davr iqtisodiyoti haqida muhim ma’lumotni yuzaga chiqardi: 44 tangadan 43 tasi Somoniylarning eng yirik zarbxonalaridan biri – Nishopurda, faqat bittasigina Amulda zarb etilgan edi. Bu tasodif emasdi. Nishopur dinorlari butun Somoniylar saltanatida muomalada bo‘lgan asosiy oltin pul birligi hisoblangan. Ularning yuqori sifati va sof oltin miqdori (taxminan 90%) tufayli bu tangalar xalqaro savdoda ham yuksak qadrlangan. Hatto keyinchalik G‘aznaviylar sultoni Mas’ud ham 1034/35 yilda Tabaristondan olinadigan o‘lponni aynan Nishopur dinorlarida yig‘ishni buyurgani manbalarda qayd etilgan. Rabinjon xazinasining tarkibi ham bu tarixiy faktni yana bir bor tasdiqladi va Nishopur zarbxonasining iqtisodiy o‘rnini ko‘rsatib berdi.

Xazina tarkibidagi tangalarning aksariyati Somoniylar hukmdori Nasr II ibn Ahmad davriga oid bo‘lsa-da, ular orasidagi Amulda zarb etilgan yagona dinor tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etdi. 918/19 yilda zarb etilgan bu noyob tanga Hasan ibn Qosim nomidan chiqarilgan. Undagi eng qiziq jihat shundaki, tangada o‘sha vaqtdagi Abbosiy xalifa Muqtadirning nomi yo‘q, aksincha, undan ikki yil avval vafot etgan da’vatchi Abu Muhammadning kunyasi zikr qilingan. Tarixchilarning fikricha, bu holat oddiy xatolik emas, balki o‘sha davrdagi siyosiy kurashlarning o‘ziga xos in’ikosi bo‘lishi mumkin. Tabariston hokimlari Abbosiy xalifani tan olishni istamay, shu yo‘l bilan o‘zlarining siyosiy mustaqillikka intilishlarini namoyish etgan bo‘lishlari ehtimoldan xoli emas. Shu tariqa, bitta kichik tanga siyosiy vaziyat haqida katta ma’lumot beruvchi bebaho manbaga aylandi.

Rabinjon xazinasining metrologik tahlili ham Somoniylar davridagi pul tizimining yuksak darajada tartibga solinganini ko‘rsatadi. Tangalarning vazni asosan 3,85 grammdan 4,55 grammgacha bo‘lib, aksariyatining og‘irligi 4,22 grammni tashkil etadi. Bu o‘sha davr klassik dinorining 4,235 grammlik vazn standartiga juda yaqindir. Bunday aniqlik Somoniylar zarbxonalaridagi qat’iy nazorat va ishlab chiqarishning yuqori saviyasidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, Rabinjon yaqinida topilgan kichik bir ko‘zachadagi oltin tangalar to‘plami shunchaki moddiy boylik emas. Bu – Somoniylar davrining iqtisodiy qudrati, Nishopur zarbxonasining mintaqadagi gegemonligi, Amul kabi shaharlarning siyosiy hayotdagi o‘rni va hatto uzoq Tabaristondagi siyosiy vaziyat haqida hikoya qiluvchi jonli tarix sahifalaridir. Zamin qa’rida ming yil saqlangan bu nodir topilmalar bugungi kunda bizga ajdodlarimizning davlatchilik tarixi, ularning iqtisodiy va siyosiy hayotining murakkab, ammo yorqin manzarasini qayta tiklashga imkon beradi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA