Mamlakatimiz “Quvnoqlar va zukkolar” terma jamoasi Jahon yoshlar festivali doirasida o‘tkazilgan “Xalqaro hazil kubogi”da muvaffaqiyatli qatnashdi.
Rossiyaning Sochi shahridagi “Sirius” federal hududida tashkil etilgan yuqori darajali tadbirda Xalqaro QVZ ittifoqi rahbari Aleksandr Maslyakov, shuningdek Pelageya, Edgard Zapashniy, Sangaji Torboyev, Sergey Jilin, Endryu Njogu kabi mashhur yulduzlar ishtirok etdi.
Yorqin, qiziqarli kechgan anjuman tarixda ilk bor 32 mamlakat vakillaridan iborat 17 terma jamoani bir joyda to‘pladi.
O‘zbekistonlik yoshlar bilan bir sahnada Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, shuningdek Lotin Amerikasi, Afrika qit’asi va Sharq mintaqasi iqtidorli yoshlari mahoratini namoyish etdi.
Tadbir tomoshabop, jonli va shiddatli o‘tdi. Ayniqsa, hamyurtlarimiz chiqishi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan, mashhur teleboshlovchi, prodyusser va aktyor Valdis Pelsh olib borgan “Xalqaro hazil kubogi” barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.
O‘zA