English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyoshni sovg‘a qilgan inson
16:54 / 2022-10-26

Poytaxtimizda IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Buyuk Britaniyada uzoq yillardan beri yashab, ijod qilayotgan o‘zbekistonlik haykaltarosh Yunus Safardiyorning asarlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Hamyurtimiz bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Biyennale doirasida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv juda qiziqarli va samimiy o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Yunus Safardiyor 1968 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 13 yoshida Toshkentdagi iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan Respublika ixtisoslashtirilgan san’at-maktab internatiga o‘qishga kirgan. 1984 yilda I.Ye. Repin nomidagi Sankt-Peterburg davlat rassomchilik, haykaltaroshlik va arxitektura akademik institutiga (akademiklar O. K. Komova (1932–1994), M. K. Anikushin (1917–1997 ustaxonasi) o‘qishga kirib, uni oltin medal bilan tugatgan. SSSR Badiiy akademiyasining kichik oltin medali bilan taqdirlangan, 1993 yildan buyon Londonda yashaydi va ijod qiladi.

AQSH, Italiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda Yu. Safardiyorning ko‘rgazmalari katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan. Uning installyatsiyalari va haykallari dunyoning ko‘plab zamonaviy shaharlari va shaxsiy kelleksiyalarni bezab turadi. Rassom-haykaltaroshning san’ati chegara bilmas - u tosh, mis, yoqut, bronza, kumush, oltin, yog‘och va boshqa materiallardan ajoyib san’at asarlarini yaratadi.

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Yu.Safardiyor Temuriylar tarixi davlat muzeyiga mashhur yozuvchi va shoir, olim, iste’dodli sarkarda va davlat arbobi - Zahiriddin Muhammad Boburning haykalini sovg‘a qildi. Ot ustida savlat bilan o‘tirgan, o‘ng qo‘lida qilich tutgan Bobur siymosi mardlik va adolat ramzidir. Haykal muzeyning bebaho eksponatiga aylandi.

Yu. Safardiyor asarlarining asosida – etnik-morfologik, tarixiy syujetlar, ijodida eng asosiysi - yangi texnologiyalardan foydalangan holda klassik an’analar bilan boyitilgan portretlar va kompozitsiyalar mujassamlangan. Haykaltaroshning so‘zlariga ko‘ra, talabalik yillarida u hunarni mukammal egallagan, eng yaxshi talabalardan biri bo‘lgan.

Yu. Safardiyorning ilk katta ko‘rgazmasi o‘tgan asrning 90 yillarida Londonda bo‘lib o‘tgan. Unda uning barcha asarlari sotilgan.

– Faoliyatimning boshida men modern uslubida ishlaganman, – deydi haykaltarosh. – Biroq, G‘arbda modernizm davri allaqachon o‘tib ketdi. 

Dunyo ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda, yangi davr boshlanmoqda. Zamonaviy rassom bir yo‘nalishga bog‘lanib qolishi kerak emas, u muntazam ravishda o‘zini va ijodini takomillashtirishi kerak. Ammo samarali ishlash uchun doimo ijodiy izlanishda bo‘lish, hunarni mukammal egallagan bo‘lishi zarur.

Olis Buyuk Britaniyada qanday qilib o‘z iqtidorini ko‘rsata olishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi savolga Yu.Safardiyor shunday javob berdi:

– London – og‘ir shahar, – deydi Yu. Safardiyor. – U yerda shafqatsiz raqobat bor. Minglab rassomlar o‘zlarini namoyon qilish uchun u yerga keladi. Fikrimcha, Samarqandda tug‘ilganim, bu - mening yutug‘im. Bundan tashqari, men bolalikdan odamlarni qanday ishontirishni bilardim, bu esa ijodkor inson uchun juda zarur. O‘zimni san’atning turli yo‘nalishlarida, hatto baletda ham sinab ko‘rdim. Hozir filmni suratga olayapman. Ba’zida hatto pulim ham bo‘lmagan qiyin davrlarim bo‘lgan.

Yu.Safardiyor so‘zlariga ko‘ra, u yangi zamon san’atini yaratmoqchi.

– Toshkent biyennalesi katta muvaffaqiyat bilan o‘tmoqda. Bu yerda mening bir qancha asarlarim, jumladan, “Yangi umid” installyatsiyam taqdim etilgan.

O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi sharafiga haykaltarosh Samarqand shahriga o‘zining eng yaxshi asarlaridan biri - “Quyosh” nomli ulkan kinetik haykalini sovg‘a qildi. Endilikda uning tug‘ilib o‘sgan shahridagi yangi Kongress markazi xollini bezab turgan haykal O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi ramzi hisoblanadi. Uning ustidagi ish Rossiya, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonda butun bir jamoa tomonidan olib borildi.

Qiziqarli suhbat davomida Yunus Safardiyor faol ijodiy izlanishdagi serg‘ayrat rassom ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Nazokat Usmonova, O‘zA