Olimlar ikki dunyo saodatiga erishuvchi maqomga ega insonlardir. Sababi, ularning ezgu tadqiqotlari mamlakatlar taraqqiyotiga, odamlar hayotining farovonligiga xizmat qiladi. Atoqli olim Sodiq Azimov mamlakatimizning ana shunday zahmatkash ziyolilaridan edi. O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sodiq Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti buyurtmasiga binoan, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan suratga olingan “Akademik Sodiq Azimov. Quyoshga intilgan alloma” nomli hujjatli filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda so‘zga chiqqanlar ushbu filmning yaratilish tarixi, ijodiy salohiyati hamda unda ko‘tarilgan dolzarb masalalar, akademik Sodiq Azimovning hayoti va faoliyati to‘g‘risida iliq fikrlar bildirishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sodiq Azimov yirik fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, fizika-matematika fanlari doktori, professor edi.
U 1940 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tugatgan). Dastlab O‘rta Osiyo politexnika institutida mehnat qilib, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti laboratoriyasi mudiri, direktor o‘rinbosari, direktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori, «Fizika – Quyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi (hozir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A.Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti) bosh direktori bo‘lib ishlagan.

Sodiq Azimov – O‘zbekiston yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, yarimo‘tkazgichlar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslikka asos solgan va bu sohalarni rivojlantirgan olimlardan biri edi. Sodiq Azimov o‘zi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotladi (1948). Pomir tog‘i tepasidagi stansiyada (dengiz sathidan 3900 m balandlikda) Sodiq Azimov o‘z xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning o‘zaro ta’sirini o‘rganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlari elektron-yadro oqimlarini kashf etish imkonini berdi.
U o‘ta yuqori energiyali yadro jarayonlari o‘rganiladigan tog‘ stansiyasi qurilishini tashkil etdi. Uning rahbarligida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida o‘ta sof yarimo‘tkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi hamda 1987 yilda Parkent tumanida ulkan quvvatga ega konsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etildi.
Sodiq Azimov yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos soldi. U ko‘plab fan doktorlari, fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qildi. Ular hozir ham O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va O‘zbekiston milliy universitetida xalqaro darajadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni faol davom ettirmoqda.
Olimning ilmiy faoliyati, tadqiqotlarining ahamiyati, insoniy xususiyatlari haqidagi ushbu film rejissyori – Bahodir Odilov.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri