Buxoro viloyati Olot tumanida elektr energiyasi iste’molini qisqartirish, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish orqali aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, shu bilan birga, iqtisodiy foyda olish imkoniyatlari kengayib bormoqda.
Ayniqsa, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan “Yashil kredit” loyihasi doirasida quyosh panellarining aholi xonadonlariga o‘rnatilishi ushbu sa’y-harakatlarning samaradorligini yanada oshirdi. Mazkur loyiha nafaqat elektr energiyasiga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish, balki aholi daromadini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, Olot tumanining “Soinqorovul” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bobonazar Qulliyev o‘z xonadoniga quvvati 50 kilovatt bo‘lgan zamonaviy quyosh panellarini o‘rnatib, mahalladoshlari uchun namuna ko‘rsatmoqda.

– Quyosh panellari o‘rnatilgandan so‘ng xonadonimizda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Ayni paytda mahallamizda ham ushbu tizimga qiziqish ortib, uni o‘rnatganlar soni ko‘paydi. Eng muhimi, uzluksiz elektr ta’minotiga ega bo‘lish bilan birga, energiya tejashga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Shuningdek, yer-mulk solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyozlardan foydalanib, kuniga o‘rtacha 350–400 ming so‘m atrofida qo‘shimcha daromad olayotganimiz oilamiz uchun katta manfaat keltirmoqda, – deydi Bobonazar Qulliyev.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur xonadon o‘z ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga sotmoqda. Natijada, xonadon egasi har oyda 10 million so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa quyosh energetikasining iqtisodiy jihatdan ham samarali ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Bugungi kunda tumanda quyosh panellarini o‘rnatish ishlari izchil davom etmoqda. Aholining muqobil energiya manbalariga bo‘lgan qiziqishi oshib borayotgani esa amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir. Qulay, tejamkor, ekologik toza va uzoq muddatli foyda keltiradigan ushbu texnologiyalar kelgusida energiya mustaqilligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.