Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyoshda qizigan ichimlik — zaharmi?
14:12 / 2025-06-27

Yoz faslida chanqoqni bosish uchun turli xil salqin ichimliklarga murojaat qilish odatiy hol. Ayniqsa, gazli suvlar, rangli ichimliklar va energetik mahsulotlar bu mavsumda keng iste’mol qilinadi. Ammo savdo nuqtalarida, ayniqsa yo‘l chetlarida, quyosh nuri ostida saqlanayotgan bu kabi mahsulotlar ortida jiddiy xavflar yashiringanini ko‘pchilik anglab yetmaydi.

Salqin ichimliklar odatda plastik idishlarda qadoqlanadi. Bunday mahsulotlarni 2–18 daraja haroratda, quyosh nuridan yiroq, havosi salqin va namlik darajasi 75 foizdan oshmaydigan sharoitda saqlash talab etiladi. Ammo amalda bu talablar ko‘pincha inobatga olinmaydi — ichimliklar ertalabdan kechgacha ochiq havoda, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh ostida turishi kuzatiladi.

Salomatlik va strategik rivojlanish institutining Sirdaryo viloyati bo‘limining boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Hamshiralar Assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi Tojixon G‘afforovaning ta’kidlashicha, bunday holatda plastik idishlardan turli xavfli kimyoviy birikmalar, jumladan, bisfenol A, formaldegid, ftalat va stirol moddalari ajralib, ichimlik tarkibiga o‘tishi mumkin. Bu moddalar inson organizmiga kirib, asab, ovqat hazm qilish, qon aylanish va gormonal tizimlar faoliyatini izdan chiqaradi. Qolaversa, ularning uzoq muddatli ta’siri onkologik kasalliklarning rivojlanishiga ham turtki berishi ehtimoli bor.  Ayniqsa, bolalar, o‘smirlar, homilador ayollar va keksa yoshdagi insonlar bunday kimyoviy moddalarga nisbatan juda sezuvchan bo‘ladi. Shu bois, ularning salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish zarur.

Gazli va rangli ichimliklarda, ayniqsa quyoshda saqlanganda, tarkibidagi sun’iy qo‘shimchalar, rang beruvchi moddalar va konservantlar fizik-kimyoviy o‘zgarishlarga uchrab, organizmda allergik reaksiyalar, ichki organlarga ortiqcha yuklama, bolalarda esa giperfaollik va diqqat yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, energetik ichimliklar tarkibidagi kofein organizmdagi suyuqlikni ushlab turish o‘rniga, uni tezda chiqarib yuboradi. Bu esa suvsizlanish, qon bosimining tushishi, bosh og‘rig‘i, tez charchash va umumiy holsizlikka olib keladi.

Ichimliklarning sanitar talablarga rioya etilmagan holda, ochiq havoda saqlanishi orqali turli yuqumli kasalliklar — dizenteriya, salmonellyoz, ichak tayoqchasi kabi infeksiyalarni yuqtirish xavfi ham yuzaga keladi. Idishlar iflos, qopqog‘i ochilgan yoki mahsulotning saqlash muddati noma’lum bo‘lsa, bunday ichimliklar juda xavfli hisoblanadi.

Mutasaddilarning fikricha, bunday holatlardan ehtiyot bo‘lish uchun eng to‘g‘ri yechim uyda tayyorlangan, tabiiy ichimliklardan foydalanishdir. Sovutilgan ko‘k choy, limonli suv, uzum, olma, tarvuz yoki boshqa mevalardan tayyorlangan sharbatlar, shuningdek, oddiy toza ichimlik suvi yoz fasli uchun ham foydali, ham xavfsiz tanlovdir.

Quyoshda qizigan ichimliklar qanchalik salqin tuyulmasin, ular ortidagi kimyoviy xavflar va yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq tahdidlar salomatlikka befarq bo‘lmaslikni talab etadi. Shu bois, har qanday ichimlikni tanlar ekansiz, uning saqlash sharoiti, idish holati va sanitariya talablariga rioya etilgani haqida o‘ylab ko‘ring. Chunki sog‘lik — eng katta boyligimiz.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri