Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, 2026-yil boshidan buyon O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 milliard kVt⋅soatga yetgan.
Hozirgi kunda yurtimizda umumiy quvvati 5 582 megavatt bo‘lgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh stansiyalari tomonidan 434 million kVt⋅soat energiya ishlab chiqarilgan, 2023-yilda esa bu ko‘rsatkich 576,9 million kVt⋅soatga yetgan.
2024-yilda 9 ta quyosh va 1 ta shamol stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami energiya hajmi 4,86 milliard kVt·soat bo‘lgan, 2025-yilda esa barcha quyosh va shamol stansiyalari 10,5 milliard kVt⋅soat energiya ishlab chiqardi.
2026-yil boshidan 13-fevralga qadar quyosh stansiyalari 396 million kVt⋅soat, shamol stansiyalari esa 604 million kVt⋅soat energiya ishlab chiqardi. Jami hajm 1 milliard kVt⋅soatni tashkil qildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 40 foizga ko‘pdir.
Buning natijasida 267 million metr kub tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga chiqadigan 575 ming tonnadan ortiq zararli moddalarning oldi olindi.
Shuningdek, 2026-yil boshidan barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari tomonidan 1,57 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada 400 million metr kub tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga chiqadigan 863 ming tonnadan ortiq zararli moddalarning oldi olindi.
Ma’lumot o‘rnida, shu hajmdagi energiya 5 million xonadonning 1,5 oylik yoki 625 ming xonadonning bir yillik elektr iste’moliga tengdir.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA