Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyosh taftidan bolga to‘lgan mevalar
18:21 / 2025-08-12

Yurtimizda har bir faslining o‘ziga yarasha tarovati, fayzi bor. Ayniqsa, yoz faslidagi pishiqchilik mavsumining fayzi o‘zgacha. Ayni damlarda yurtimiz bog‘lari pishib yetilgan mevalar bilan to‘kinchilikdan darak bermoqda. Bog‘bon sohibkorlarimiz tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar bozor rastalari va xalqimiz dasturxonlarini bezab turibdi.

Javzo va saraton oylarining quyoshi taftida toblangan uzum, shaftoli, olma kabi bir necha xil turdagi sarxil mevalar, asad oyida kun sayin bolga to‘lib, bozor rastalarini to‘ldirmoqda. Elimiz dasturxoni to‘kinchiligini ta’minlashga munosib ulush bo‘lib qo‘shilmoqda. Buxoro tumanidagi uzum va meva yetishtirishga ixtisoslashgan “Saxovat” va “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini bog‘bon va sohibkorlari ham ayni kunda yetilgan mevalarni bozor rastalariga olib chiqish, qayta ishlash va xorij davlatlariga eksport qilish yumushlari bilan band. 

– Hududimizda 554 ta xonadon bo‘lib, 3300 nafardan ortiq aholi yashaydi, – deydi “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erkin Qilichev. – Mahallamizda 600 gektar maydon bo‘lib, 560 gektar maydon asosan uzumchilikka ixtisoslashgan. Hududimizda katta qo‘shma korxona mavjud bo‘lib, uzumlar qayta ishlanib, tayyor mahsulotga olib kelinadi. Uzumlarining 10 foizi xo‘raki bo‘lib, bozorlarga olib chiqib xalq dasturxoniga tortiq qilinmoqda. Bog‘ bo‘lgandan keyin ish o‘rni ham bo‘ladi. Mavsum davrida boshqa tumanlardan ham ishsizlar kelib mehnat qiladi.

“Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Tolib Tohir Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Tolib Rahmatov ham tajribali bog‘bonlardan. U mana 27 yildan beri, uzum yetishtirish bilan shug‘ullanadi. O‘z xo‘jaligi ixtiyoridagi 6 gektardan iborat uzumzordan har yili barakali  hosil oladi. 

– Xo‘jaligimizda 6 gektar bog‘imiz bor, – deydi Tolib Rahmatov. – Bir gektar qora kishmish, qolgan hammasida toifi navi parvarish qilinmoqda. Xo‘jaligimizda olti kishi ish bilan band va mavsumda yollanma ishchilarni ham qabul qilamiz. 

Mahalla hududidagi bog‘larda asosan uzumning qora kishmish, husayni, toyfi kabi xo‘raki hamda Bayan shire, muskat, alyotko, qorako‘z, marvarid kabi sanoatbop navlar yetishtiriladi. Bundan tashqari hududdagi bog‘larda bozorgir shaftoli va olma navlari ham bor. Keksa va tajribali bog‘bon Baxtiyor Jo‘rayev ham bugun o‘z bog‘larida yetishtirilgan shaftolini bozor rastalariga chiqarib, elimiz dasturxoniga tortiq qilmoqda. 

– O‘n yil bo‘ldi ish boshlaganimga, – deydi Baxtiyor Jo‘rayev. – Limonli va turli har xil navlarni ekib parvarishlab kelamiz. Bu yil uzum nihollarini ham ekdik. Qishda daraxt taglarini ag‘daramiz, ko‘chatlarning tagidagi keraksiz shoxlarini kesamiz. Vaqtida o‘g‘it beramiz. Hozirga kelib qishin yozin qilgan mehnatimiz natijasidagi mevalarga boqib ko‘zimiz quvnamoqda. Bog‘bonga bundan ortiq zavqni hech kim berolmaydi. 

Mahalla hududidagi “Buxoroi Sharif” fermer xo‘jaligi rahbari Botir Sharipovni ko‘pchilik usta sohibkor sifatida yaxshi biladi. 8,5 gektar yerda dehqonchilik qilayotgan Botir Sharipovning bog‘laridagi qora kishmish, husayni, shibirg‘oni navli uzumlar ayni kunda yetilgan. Tajribali bog‘bon sarxil mevalarni ichki bozorga olib chiqish bilan band. Uning bog‘idagi kechpishar toyfi navli uzum esa eksportga chiqariladi. Sanoatbop navlar esa qayta ishlash korxonalariga jo‘natiladi.

Albatta, uzum va meva yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Hudud mirishkorlari esa bu qiyinchiliklarni o‘zlarining mehnat va ko‘p yillik tajribalariga asoslanib yengishadi. Shu bois, bog‘ va tokzorlardan yuqori hosil olib, qo‘lga kiritilgan daromadlar hisobidan oilalarining daromadi oshmoqda. Daromad esa har bir oilaning yashash sharoiti, hayot tarzini yaxshilashga xizmat qiladi.

Tumandagi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini ham nomiga munosib uzum va meva yetishtirishga ixtisoslashgan hudud hisoblanadi. Bu yerda ham bog‘bon va sohibkorlarning erta bahordan buyon qilgan mehnatlari evaziga bog‘larda mo‘l-ko‘l meva yetishtirilgan. Sohibkorlik  bog‘bonlar ayni kunlarda mahalla hududidagi 600 gektardan ortiq maydondagi hosilni saranjomlab olish ishlariga katta tayyorgarlik bilan kirishgan.

Bu yil “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bog‘ va uzumzorlarda ham hosil salmog‘i juda barakali. Albatta, bu bozorlarimizda to‘kinchilikni, narx barqarorligini ta’minlash bilan bir qatorda bog‘bon va sohibkorlarning yaxshi daromad ko‘rishiga ham xizmat qiladi. Yer egalari esa o‘z mehnatlari evaziga yetishtirilgan mevalarni xaridorlarga tortiq qilishayotganida, daromad topib, oilasining tinch-totuvligini ta’minlayotganligidan xursand.

Yana bir e’tiborli jihat, hududda uzum va boshqa turdagi mevalarni saqlash, eksportga hozirlash uchun ham yetarli sharoit yaratilgan. Bu yerda katta – kichik hajmdagi 6 ta muzlatgichli omborxonalar qurilgan bo‘lib, ular mirishkorlar yetishtirgan mahsulotlarni qabul qilib olishga tayyorlab qo‘yilgan. Tadbirkor Kozim Zuzuaylov tomonidan qurib ishga tushirilgan 600 tonnalik sig‘imga ega muzlatgichda xo‘raki uzumlar eksportga hozirlanmoqda. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tajribali bog‘bon va sohibkorlar tomonidan zarur agrotexnik tadbirlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilgani, ob-havoning mevalar rivoji uchun bir qadar qulay kelganligi hosilning ta’mi va sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ayni kunda mirishkor sohibkorlarimiz o‘z bog‘larida yetishtirilgan uzum hosilini saranjomlab olishni boshlab yuborishdi. 

Keyingi yillarda Buxoro viloyatida agrar sohaning boshqa yo‘nalishlari qatori bog‘dorchilik va uzumchilik tarmoqlari ham izchil rivojlanmoqda. Bu turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan band bo‘lgan yerlarning hajmlari sezilarli darajada ortib, asosiy maydonlarga ertapishar, serhosil va eksportbop uzum va meva ko‘chatlarining ekilishi o‘z samarasini bermoqda. 

Bugungi kunda Buxoro viloyatida 12 ming 437 gektar mevali bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 7182 gektari intensiv hamda 5255 gektari an’anaviy bog‘lar ulushiga to‘g‘ri keladi. Birgina joriy yilning o‘zida iqtisodiy samarasiz va kam hosilli bog‘lar o‘rniga yangidan 2500 gektar mevali bog‘lar tashkil etish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida ushbu maydonlar samaradorligini bir necha barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu kabi e’tibor esa uzum va meva mahsulotlarining ko‘payishiga, sifat ko‘rsatkichlarining ortishiga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri