Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyosh panellari: xayrli tashabbusdan asossiz vahimalargacha
13:02 / 2023-03-12

Islohot

Do‘kondor Abdug‘affor aka shahar chetidan namunaviy loyihada qurilgan hovlilardan birini sotib oldi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, odamlar bilmasdan gapiraveradi, dedi o‘ziga o‘zi.

Aslida, avvaliga, o‘zining ham ko‘ngli chopmagan edi bu ishga. Boshpana ipoteka kreditiga berilgani uchun xaridor bo‘ldi. Tavakkal qildi.

Uy to‘yi bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ keldi. Hammasi yaxshi o‘tdi, lekin ba’zilarning fikri mezbonning dilini g‘ashladi.

...Hokimiyatdagilar do‘kondorning puli ko‘pligini biladi, majburlab shu uyni oldirdi, deyishdi mehmonlar bir-biriga. Oqar suv kelmaydigan, unumi yo‘q yerdan uy qurilganini aytib pichirlashdi. Yana kimdir o‘lguncha kredit to‘larkansizda, Abdug‘affor boy devordi.

To‘g‘ri, bir paytlar aholisi uncha ko‘p bo‘lmagan qishloqning chetrog‘idan qulay joyni egallab, uy ko‘tarish odatiy hol edi. Keyinchalik, bir hovlida ko‘p oila bo‘lib yashaydiganlarga uy-joy uchun yer uchastkalari ham tarqatilgan. O‘sha davrlarni ko‘rganlar qanday o‘ylasin, axir?

Vaqt hukm o‘qiydi. Bugun har qanday tabiiy resursdan tejab, samarali foydalanish davr talabi sanaladi. Oradan ko‘p o‘tmadi, bugun ipoteka kreditiga uy-joy olish vatan ichra vatanli bo‘lishning eng qulay yo‘llardan biri ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatdi.

Katta o‘zgarishning hayotga singishi oson bo‘lmaydi. Garchi u yashash tarzimizga qulaylik yaratish uchun joriy qilinayotgan bo‘lsa ham.

Ijtimoiy tarmoqlarda quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolarga subsidiya beriladi, bir qator soliqlardan ozod etiladi mazmunidagi maqolalarga bir yoqlama fikr bildirganlarga ham ko‘zimiz tushdi. Hali foydalanib ko‘rmasdan quyosh panellari samarasiz, behuda mablag‘ sarflash, deb vahima qilguvchilar ham uchramoqda.

Fikrlar xilma-xilligi tabiiy, lekin bu tashabbus energiya ta’minotini yaxshilashda eng samarali yechimlardan biri ekanini tushunishimiz kerak.

Mamlakatimizga o‘tgan qish mavsumi boshqa yillardagiga nisbatan ancha sovuq keldi. Bu elektr energiyasi bilan bog‘liq hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolarni yaqqol yuzaga chiqardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.

Qarorda qator tarmoqlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish mexanizmlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Quyida ushbu hujjatning 15-bandi – 2023 yil 1 apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturini amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritamiz.

Dastur bo‘yicha 2023 yilda 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasi tasdiqlandi. Bu borada joylarda ishlar boshlab yuborildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ommalashmoqda

Joylarda yashil energetikaga o‘tish ishlari ommalashmoqda. Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Avayxon mahallasida bir qator davlat idorasi va xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatildi.

– Quyosh panellari o‘rnatadigan mutaxassislardan uning afzalliklarini so‘radim, batafsil tushuntirishdi, – deydi avayxonlik pensioner Nurmirza Xo‘jaahmedov. – Qaysidir davlat idorasiga bormadim, ruxsat so‘rab sarson bo‘lmadim. Hammasi juda oson ekan, tez o‘rnatib ketishdi. Hozir 5 kilovattdan elektr beryapti. O‘zimizdan ortsa qo‘ni-qo‘shniga, davlatga beramiz. Qaror bilan tanishdik, o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga Davlat byudjetidan 1 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi deyilibdi. Bu yerda ortiqcha energiyani sotish imkoni borligini, qo‘shimcha daromad olish mumkinligi haqida gap ketmoqda. Aholiga ham, davlatga ham foydali bo‘ladigan bu tashabbus keng ommalashishi tarafdorimiz.

“Avayxon” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida ham quyoshdan olinayotgan elektr energiyasidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerga quvvati 6 kilovattlik quyosh paneli o‘rnatildi.

Quyosh panellari o‘rnatish borasidagi ishlar ko‘lami Farg‘ona viloyatida ham kengayib bormoqda. Xususan, So‘x tumanidagi bir qancha kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy daftarda turuvchi aholi vakillari xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatib berildi.

bugungi kunda «So‘x» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Irodaxon Narzidinova hamda Umiyaxon Hamidovalar yashayotgan xonadonlar quyoshdan olingan energiyadan foydalanmoqda.

Shu o‘rinda hududlarda ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va tashkilotlarda qayta tiklanuvchi, muqobil energiyadan foydalanish ishlari ketayotgani haqida ham qisqacha to‘xtalish o‘rinli.

“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati filiallari binolariga 5-10 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatish ishlari izchil davom etmoqda. Ushbu bankning Hazorasp, Shovot, Yangiariq va Xonqa filiallarida muqobil energiyadan foydalanish yo‘lga qo‘yib bo‘lingan.

Quyosh panellari o‘rnatish uchun kimga murojaat qilinadi?

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tashkil etilgan. Ushbu jamg‘arma tomonidan www.energymarket.uz sayti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Platforma aholiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olishda kompensatsiya ajratish va muddatli to‘lov qilish imkoniyatini yaratib beradi.

Veb-resurs juda oddiy, foydalanishga qulay shaklda tayyorlangan. U yerda bir qancha kompaniyalar o‘z xizmatlarini taklif qiladi. Saytga kirib biror ma’qul korxona tanlanib, ariza qoldiriladi. Bu juda oson jarayon. Sayt o‘tgan yilning oktyabr oyida ishga tushirilgan. O‘tgan davrda tizim orqali fuqarolardan 64 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi ariza kelib tushgan.

– Fuqaro sayt orqali ariza qoldirganidan so‘ng, hujjatlarda kamchilik bo‘lmasa, xodimlar borib joyini, o‘rnatilish sharoitlarini o‘rganadi, – deydi quyosh panellarini o‘rnatuvchi korxonalardan birining mutaxassisi Avazbek Do‘stmuhammedov. – Bir haftada ichida barcha xizmatlar ko‘rsatib bo‘linadi. Hozirgi paytda biz kabi ko‘plab korxonalar xonadonlarga boshlang‘ich to‘lovsiz, foizsiz, uzoq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida 1 kilovattdan 5 kilovattgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatib bermoqda. Masalan, bizning korxona o‘rnatgan panellarga bir yil davomida bepul servis xizmati ko‘rsatamiz.

Bundan tashqari, “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha mahallalarga quyosh panellarini o‘rnatuvchi korxonalarning mutaxassislari biriktirilmoqda. Aholi vakillari o‘zlari yashayotgan mahalla idorasiga borib, mutaxassis bilan bog‘lanish imkoniga ega.

5 kilovattlik quyosh panelining imkoniyatlari

Xonadonim uncha katta emas, necha kilovattlik quyosh paneli o‘rnatsam bo‘ladi? Maqolani o‘qish jarayonida ko‘pchilikda shu savol tug‘ilgan bo‘lsa ajab emas.

– Oilamizda besh kishimiz, – deydi pastdarg‘omlik Abduhalim Karimov. – Uyga o‘tgan yili noyabr oyida 5 kilovattlik quyosh paneli o‘rnatgandik. Bugun elektr energiyasi bilan bog‘liq muammomiz yo‘q. Oldin har oy 150-200 ming so‘m elektr uchun xarajat qilar edik. Hozir bu to‘lov qilinmayapti. Besh kilovattli quyosh paneli bir nechta xonaning chiroqlari, bitta televizor, konditsioner va muzlatkichni ishlatish uchun bemalol yetarli bo‘lmoqda. Ortiqcha kilovattlarni sotamiz, albatta.

Yuqorida ta’kidlanganidek, quyosh panelidan olinayotgan ortiqcha elektrning kafolatli xaridori davlat. Bu boradagi oldi-sotdi tartibi avtomatlashtiriladi. Xonadonga o‘rnatilgan elektron hisoblagich “Soliq” mobil ilovasiga integratsiya qilinadi. Har oy o‘tgan oyning subsidiyasi fuqaroning plastik kartasiga tushirib beriladi.

Xorij tajribasida isbotlangan natija

So‘zimiz boshida odamlar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan yirik tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi oson kechmasligi haqida ta’kidlagan edik.

Bugun dunyoning ko‘plab rivojlangan o‘lkalari elektr energiyasi ishlab chiqarishda aynan quyoshdan foydalanmoqda. Bu haqda so‘z borganda, elektr tarmog‘ida qayta tiklanadigan energiyaning ulushi o‘sib borishi bo‘yicha jahonda yetakchi davlat – Janubiy Koreya tajribasiga to‘xtalish lozim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Seul “Quyosh shahri – 2022” loyihasiga davlat investitsiyasi hisobidan juda katta mablag‘ ajratgan.

Bu shahar yirik imoratlarining nafaqat tomi, balki devorlariga quyosh panellarini o‘rnatish choralari ko‘rildi. Shaharda quyosh elektr stansiyalari energiyasi uchun maxsus to‘lov tarifi joriy etildi. Buning yordamida panel o‘rnatgan aholi endi nafaqat elektr energiyasi uchun to‘lov mablag‘ini tejash, balki ortiqcha elektr energiyasini sotishdan ham daromad ola boshladi.

O‘zbekiston – quyoshli zamin. Iste’molchiga sifatli va hamyonbop quyosh panellari yetkazib berish hamda bu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar belgilanganidek davom etar ekan, sohada kutilgan natijaga, albatta, erishiladi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA