Hozirgi kunda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolar uchun davlat tomonidan turli dasturlar va imtiyozlar joriy qilingan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyosh panellariga sarmoya kiritish uzoq muddatda o‘zini oqlaydi va barqaror daromad manbai bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida yashovchi Nurmatjon Abdullayev ham ana shunday imkoniyatdan foydalanib, o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatdi. Natijada u nafaqat elektr energiyasi xarajatlarini qisqartirdi, balki ortiqcha quvvatni davlatga sotib, qo‘shimcha daromad ham topmoqda.
–Avvaliga sinov uchun 10 kVt quvvatli quyosh panelini o‘rnatdik, – dedi u. – Mutaxassislarga murojaat qilib, tavsiyalarini oldim. Qurilmalar o‘rnatilgandan so‘ng, ularning ishlash mexanizmini va elektr energiyasi hisob-kitobini tushuntirib berishdi. “Quyoshli xonadon” dasturiga ulanib olgach, oyiga 800 ming - 1 million so‘mgacha daromad ola boshladim. Keyinchalik panellar quvvatini 50 kVtga yetkazdim va natijada 6 oyda 28 million so‘mdan ortiq foyda ko‘rdim.
Hozirda Nurmatjon Abdullayev o‘z shaxsiy ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini davlatga sotib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Uning aytishicha, quyosh panellari nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki energiya ta’minoti barqarorligini ham ta’minlaydi.
Mutaxassislar quyosh energiyasidan foydalanish haqida hali ham ikkilanayotgan fuqarolar uchun Nurmatjon akaning tajribasi yaxshi namuna bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bunda aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish uchun davlat tomonidan taklif etilayotgan turli imtiyoz va kredit dasturlaridan foydalanish ayni muddaodir. Bu esa kam xarajat evaziga elektr ta’minoti muammosini hal qilish, xarajatlarni kamaytirish va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lish imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA