Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyosh panellari: mahalliy olimlarimiz qanday yechimlar taklif etmoqda?
10:14 / 2023-03-21

Yangi sohaning imkoniyatlariga e’tibor qaratilar ekan, albatta, ma’lum muammolar bilan ham yuzlashiladi. Bunda esa istiqboldagi natijaga tezroq va samaraliroq yetish uchun tegishli masalalarning yechimlari bilan amaliy shug‘ullanish darkor. Bu nafaqat davlatning, balki shu soha egalari, xususan olimlarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot Strategiyasida belgilab olingan muhim vazifalardan biri bu har bir sohada “yashil energiya” – quyosh paneli, shamol generatori kabilardan foydalanishni keng joriy etish sanaladi. Davlatimiz rahbari 2022 yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘lishini ta’kidlagan edi. Buning uchun viloyatdagi barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari o‘rnatish belgilangan.  

Xo‘sh, bu borada Navoiy viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu haqida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori, texnika fanlari doktori Baxtiyor Mardonov quyidagilarni gapirib berdi:

–Xalq orasida yurar ekanmiz, quyosh panellari, ularning ishlatish muddati, ko‘zda tutilmagan texnik “injiqliklari”, narx-navosi borasida xavotirlar ham yo‘q emas. Albatta, bu gap-so‘zlarda ham jon bor. Aytish mumkinki, bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari, xususan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ bilan birgalikda muqobil energetika bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.  

Avvalo, ta’kidlab o‘tish kerak, muqobil energetika biz uchun yangi soha va mazkur yo‘nalishda mutaxassislar yetishtirish dastlabki ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralardan sanaladi. Shu bois, universitet “Elektr-energetika” kafedrasi negizida yosh mutaxassiclarga quyosh panellari sohasini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mazkur kafedra hamda kombinat o‘rtasida imzolangan xo‘jalik shartnomasiga ko‘ra, 2021-2022 yilllarda shamol elektr stansiyasi va quyosh panellarining gibrid varianti, ya’ni quyosh-shamol mini stansiyalarini yig‘ish va o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Mazkur jarayonda talabalar ham jalb etilib, universitet qoshidagi “Texnopark” hududida quyosh panellarini yig‘ish ishlari olib borildi. Biz mazkur loyiha doirasida ikkita manfaatga ega bo‘ldik: birinchi navbatda, yosh mutaxassislarimiz o‘z qo‘li bilan quyosh panellarini o‘rnatish, panellarni bir-biriga to‘g‘ri ulash, sozlash va ishga tushirish ko‘nikmasiga ega bo‘ldi, ikkinchidan, xo‘jalik shartnomasi evaziga universitet hududiga ham bir komplekt quyosh paneli va shamol generatori olib kelinib, bugungi kunda laboratoriya jihozi sifatida ishlatilmoqda. 

 

Darhaqiqat, quyosh panellari yuzasidan ayni vaqtdagi mavjud muammolardan biri bu ushbu panellar orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi sifatini aniqlash masalasi sanaladi. Ma’lumki, quyosh energiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan tokni asosiy tarmoqqa ulash jarayonida invertorlardan foydalaniladi. Hozirgacha biror bir ob’ektda o‘rnatilgan quyosh panellari yetkazib berayotgan tokning invertordan keyingi sifatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlovchi moslama mavjud emas. Umuman olganda, muqobil energetikada bu oxirigacha o‘rganilmagan yoki tatbiq etilmagan soha sanaladi. Ayni vaqtda bu masala bir nechta moslamalar yordamida amalga oshirilib kelinadi. “Elektr-energetika” kafedrasi olimlari tomonidan faqat bir qurilmaning o‘zi bilan tok sifatini  tekshirish uchun maxsus datchik yaratish ustida ish olib borilyapti.  

Yana bir jihat, quyosh stansiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulash vaqtida tarmoqning kuchlanishi bilan quyosh elektr stansiyasi parametrlari mos kelishi lozim. Bu yerda ikkala manbadagi tok sinxronlashganicha bo‘lgan jarayonda quyosh energiyasi qayerga ketayapti? Karmana tumani hududida o‘rnatilgan quyosh stansiyasi mutaxassislari va olimlarimiz bu borada ish olib bormoqda va sinxronlashgancha — ikkala manbadagi kuchlanish muvofiq kelguniga qadar bo‘lgan davrdagi yo‘qotilayotgan quyosh energiyasidan ham foydalanish ustida tadqiqot amalga oshirilmoqda.

Quyosh panellari ishlab chiqarayotgan elektr energiyadan asosan kunduz kuni foydalanilmoqda. Bizda esa asosiy iste’mol kechqurungi vaqtlarga to‘g‘ri keladi. Elektr energiyani zaxiralashda akkumulyatorlardan foydalanilib,  mazkur zaxiralovchi qurilma to‘liq zaryadlanishi yoki razryadlanishidan so‘ng yana elektr yuklama olsa uning ishdan chiqish xavfi ortadi yoki yaroqlilik muddati kamayadi. Olimlarimiz tomonidan bu borada yana bir moslama — akkumulyator batareyalarining ishlash muddatini uzaytirish uchun datchik ishlab chiqildi.  

Tabiiy savol tug‘iladi: bu avval ham bor edimi? Mazkur qurilma mavjud edi, ammo u sakkizta element asosida ishlardi. Yaratilgan yangi namunadagi qurilma elementlar soni, ishlash sifati o‘zgartirilmagan holda 6 taga tushirildi. Bu nima beradi? Birinchi o‘rinda elementar ishonchlilik ortadi, ya’ni nisbatan ko‘p elementdan iborat jihozning kuyish ehtimoli ham shunga yarasha bo‘ladi. Aksincha holatda esa kuyish ehtimoli tabiiy ravishda pasayadi. Shu bilan birga yaratilgan qurilma xorijiy analogdan arzon hamda ushbu qurilma mahalliylashtirilgan.

Quyosh panellaridan foydalanishda bugungi kundagi yana bir masala elektr energiyasini zaxiralash muammosidir. Yurtimizga olib kelinayotgan quyosh panellarining narx-navosiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, akkumulyatorning narxi panelning qiymati bilan deyarli barobar. Ya’ni, quyosh energetikasidan foydalanishda akkumulyatsiyalash biz uchun qimmatga tushmoqda. Shu bois, yana bir ilmiy loyiha — litiy-ionli akkumalyator batareyalarini takomillashtirish hamda mahalliylashtirish ustida ham ish olib borilmoqda.  

Yanada aniqroq to‘xtaladigan bo‘lsak, dotsent N.Attaullayev “Avtonom energiya manbalari (quyosh panellari)ni magnitomodulyatsion o‘zgarmas tok o‘zgartirgichlari yordamida nazorat qilish va boshqarish”,  doktorant H.Ibragimova “Qayta tiklanadigan energiyaga asoslangan elektr stansiyalarida elektr energiyasi sifatini oshirish tizimlarini takomillashtirish”, magistr M.To‘yqulov “Quyosh panellarini turar-joy binolari va davlat muassasalariga maxsus konstruksiyalar yordamida o‘rnatish orqali elektr energiya samaradorligini oshirish” kabi mavzularda ilmiy ish olib bormoqda.  

Universitetning o‘zida quyosh energiyasidan foydalanish borasida ham qator ishlar bajarilyapti. Yaqinda oliygohning 700 o‘rinli Talabalar turar joyida 30 kVt soat quvvatga ega 56 ta panel o‘rnatildi. Kunduzgi vaqtlarda mazkur ob’ekt elektr ta’minoti to‘liq “yashil energiya” yordamida qoplanmoqda. Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari hamda universitet olimlari tomonidan quyosh energiyasidan foydalanib, yer osti sizot suvlarini toza ichimlik suviga aylantirish innovatsion qurilmasi ham yaratilgan. Ayni vaqtda yangi namunadagi texnologiya universitet hududida o‘rnatilgan bo‘lib, qurilma 60 metrlik yer osti qudug‘idan sizot suvlarini chiqarib, bir soatda 70 detsimetr kub hajmdagi toza suv yetkazib beryapti. Universitetning iste’mol hajmi 5,4 ming kVt.ni tashkil etadi. Shuni inobatga olgan holda, joriy yil yakunigacha 273,4 kVt soat quvvatga ega panellar o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun 1823 metr kvadrat maydon ajratilgan. Kelgusida mazkur jarayonlar yanada kengaytirib boriladi.  

Umuman olganda, “yashil energiya”dan keng foydalanish, zamondoshlarimiz zimmasidagi eng muhim masala — kelgusi avlodlarga mavjud resurslar zaxiralarini va toza ekologik atrof-muhitni qoldirishda birdan-bir to‘g‘ri yo‘l sanaladi. Bunda olimlarimiz mavjud muammolar ustida faol ishlab, yechimlar tatbiqi qanchalik tez amalga oshsa, ko‘zlangan natijalarga ham barvaqt erishish mumkin.  

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi

Suratlar muallifi Siroj Aslonov