Bugungi kunda mamlakatimizda quyosh panellari o‘rnatganlik uchun berilgan bir qator qulayliklar va soliq imtiyozlari tufayli barcha joylarda bo‘lgani kabi Buxoroda ham aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ma’muriy binolar tomiga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari qizg‘in tus olgan.
Viloyatdagi jami 4 200 dan ortiq xonadonda quyosh panellari o‘rnatilib, uy egalari ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini tizimga sotish orqali daromad olmoqda.
2023 yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.

Mahalla soliq inspektorining maslahati va ushbu yo‘nalishda berilgan imtiyozdan vaqtida xabar topgan qorovulbozorlik Aziz Ortiqov ham o‘ziga tegishli bo‘lgan 8 sotix maydonda 100 kvt soat quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatib daromad topmoqda.
Shu yerlik yana bir fuqaro Ilhom Muhiddinov ham xonadoniga 50 kvt soat quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish orqali o‘z xonadonini uzluksiz elektr toki bilan ta’minlayapti hamda ortganini sotyapti.

Umumiy quvvati 100 kVt gacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan foyda 0 foiz stavkada soliqqa tortiladi.
Stavka qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari ishga tushirilgan oydan boshlab 3 yil davomida qo‘llaniladi. Quyosh panellari quvvatining kamida 25 foiz miqdorida elektr energiyasini to‘plash tizimi bilan quyosh panellari o‘rnatilganda bu panellar ishga tushirilgan oydan boshlab 10 yil davomida qo‘llaniladi.

Shuningdek, quyosh panellarini o‘rnatgan yurtdoshlarimiz yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ham belgilangan tartibda imtiyozdan foydalanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.