Prezidentimizning 2023 yil fevraldagi Jizzax viloyatiga tashrifidan so‘ng voha hayotida yangi ruh, yangi mas’uliyat, yangi intilish paydo bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari viloyat faollari, olimlar, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar va yoshlar bilan uchrashuvi davomida Jizzax politexnika institutiga kremniy asosidagi quyosh panellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirganida, bu tashabbus nafaqat bir institutning, balki butun mintaqaning ilmiy va texnologik rivojiga kuchli turtki bo‘lishi aniq edi.
Topshiriq ortidan institut jamoasi jiddiy harakatga tushdi: Xitoydan maxsus uskunalar keltirildi, infratuzilma to‘liq yangilandi va shunday qilib “Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi” o‘z faoliyatini boshladi. Tashqaridan qaraganda oddiy laboratoriyadek ko‘rinsa-da, bu maskanda ezgu fikrlar, ilmiy jasorat va amaliy tajribalar bir nuqtada to‘planmoqda.
Quyosh panellari yig‘ish liniyasi uchun zamonaviy yengil konstruksiyali bino qurilib, Bojxona qo‘mitasidan ajratilgan 5 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga uskunalar, fotoelementlar, maxsus plyonka va plastik oyna kabi materiallar xarid qilindi. Barcha jihozlar o‘z vaqtida o‘rnatilib, mutaxassislar o‘qitildi. Shuning evaziga markaz o‘zining ilk tajriba namunalarini tayyorladi va ular muvaffaqiyatli testdan o‘tdi.

Bugun markaz imkoniyatlari katta: bir smenada 100 dona, oyiga 2000 dona quyosh paneli ishlab chiqarish quvvati mavjud. Professor-o‘qituvchilar esa mahsulot tannarxini pasaytirish maqsadida xomashyoni mahalliylashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotganlarini ham alohida ta’kidlash joiz.
Loyiha yoshlar uchun ham yangi imkoniyat yaratdi: talabalardan tashkil etilgan maxsus montaj guruhlari tufayli 25 ta yangi ish o‘rni vujudga keldi. Markaz tomonidan hozirgacha umumiy quvvati 650 kVt bo‘lgan 1200 dona panel ishlab chiqarilib, ellikka yaqin mijozlar bilan shartnoma imzolandi va institut hisob raqamiga 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tushdi.
Eng muhimi — markazda yaratilgan issiqxonalar uchun mo‘ljallangan gibrid quyosh qurilmasi yangilik sifatida Intellektual mulk agentligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun rasman topshirildi.
Institut xalqaro hamkorlikka ham faol qadam qo‘ymoqda. Erasmus+ doirasida amalga oshirilayotgan DebseUz loyihasi O‘zbekistonda quyosh energetikasi bo‘yicha zamonaviy bakalavrlar tayyorlash dasturini yaratishni ko‘zlaydi. 650 ming AQSH dollarilik loyihada institutga 22 ming dollar grant ajratilgani — xalqaro hamjamiyatning ishonchi va e’tiboridan dalolat berib turibdi.
Bugun markaz faqat ishlab chiqarish maskani emas, balki innovatsion fikrlar, ilmiy mehnat va amaliy tajribaning qo‘shilib yangi qiymat yaratadigan tajriba maydoniga aylangan. Professorlar, o‘qituvchilar va talabalar bir maqsad — qayta tiklanuvchi energiya orqali mamlakatning barqaror kelajagini ta’minlash yo‘lida hamjihatlik bilan mehnat qilishmoqda.
Institut hududiga o‘rnatilgan 650 kVt quvvatli quyosh panellari 2025 yil 1 avgustga qadar olingan natijalarga ko‘ra, muassasaning butun elektr ehtiyojini to‘liq qoplamoqda.
Prezidentimizning bevosita tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi bilan boshlangan ushbu loyiha bugun Jizzaxda yangi bir jarayonni — ilmning energiyaga, energiyaning taraqqiyotga aylanish jarayonini boshlab berdi. Quyosh nuri bugun bu maskanda faqat yorug‘lik emas — u yangi g‘oyalar, yangilanish va yuksalishlar manbaiga aylandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri