Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Saxtapiyoz qishlog‘ida yashovchi Akbarali Qosimov quyonchilikka sarmoya kiritdi. U yaqinda “Flandr rabbit” xususiy korxonasini tashkil etib, 300 ta “Kaliforniya” zotli quyonlarni xarid qildi.
– Loyiha bo‘yicha rejamiz juda katta, – deydi tadbirkor. – Buning uchun tijorat bankidan 1,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit olganmiz. Yoniga 500 million so‘m o‘z sarmoyamizni qo‘shib, ishning birinchi bosqichini amalga oshirishga kirishdik.
Zamonaviy quyonxona barpo etib, 300 ta naslli quyonlarni harid qildik. Shu kunlarda yana 300 ta zotli quyon sotib olish uchun “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi bilan shartnoma tuzib, barcha to‘lovlarni amalga oshirdik. Keyingi bosqichda quyonlar sonini yanada oshirishni maqsad qilganmiz.
[gallery-579]
Tadbirkorning ta’kidlashicha, korxonada quyon go‘shti yetishtirish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. Ayni paytda Toshkent shahridagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Bu esa loyihaning keyingi bosqichlarini ham tezlashtirish va quyonlar bosh sonini tezroq oshirishga undamoqda. Shu bois Akbarali Qosimov rahbarligidagi jamoa o‘ziga tegishli 2 gektar maydonda zarur ekinlarni ekib, kelgusi yil uchun ozuqa bazasini mustahkamlash hamda naslli ona quyonlar sonini oshirish tadorigida. Xullas, maqsadlar katta.
Muhimi mazkur loyihaning amaliyotga tadbiq etilishi natijasida ayni paytda tadbirkor va uning oila a’zolari bandligi ta’minlangan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda yana 10 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanmoqda.
bugungi kunda quyonchilik tarmog‘i dunyo iqtisodiyoti va iste’molida muhim o‘rinlardan birini egallaganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, tadbirkorning ushbu loyihasi albatta o‘zini oqlaydi.
O‘.BAROTOV, J.Norqobilov (surat), O‘zA .