Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyi tizimga qaratilayotgan e’tibor mahallalar hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda
20:01 / 2023-10-14

Mahalla – mamlakatning yuragi. Undagi manzara, odamlarning kayfiyati yurtning qiyofasi haqida hikoya qiladi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Oqlon mahallasi mamlakatimizning fayzli go‘shalaridan biri. Mahallada 600 dan ortiq xonadonda 6 ming 450 nafar aholi yashaydi. Mamlakatimizda quyi tizimga qaratilayotgan e’tibor Oqlonda ham ifodasini topmoqda.

Hududda yigirmaga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, beshta kichik ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Bitta umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

Mahallada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yakunlanib, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi kuzgi daraxt ekish mavsumi boshlandi. Bu yerdagi barcha xonadonlar elektr energiyasi, tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlangan. Shunday bo‘lsada mavsum oldidan bir qator chora-tadbirlar ko‘rilishi foydadan xoli bo‘lmaydi.  

– Kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi uchun tegishli choralar ko‘rildi, – deydi mahalla raisi Muhabbat Yoqubova. – Ijtimoiy himoyaga muhtoj beshta xonadonga quyosh panellari o‘rnatib berildi. Elektr ta’minotini yaxshilash, uzilishlar bo‘lmasligi uchun tegishli chora tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, mavjud uchta transformator punkti mavsumga shay holatga keltirildi. Shuningdek, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 650 metr yuqori kuchlanishli elektr kabeli qo‘shimcha tarmoqqa ulandi. Hududda joylashgan issiqlik markaziga gaz bosimini ko‘tarish maqsadida Toshkent halqa aylanma yo‘lidan alohida 4,6 kilometr sanoat quvur tortildi.  

Mahalla hududidan oqib o‘tuvchi “Zaxariq” kanali atrofi maishiy chiqindilardan tozalandi. Ko‘chalarni obod qilish maqsadida kanal o‘rniga quvurlar o‘rnatilib, katta magistral ko‘cha tashkil etilmoqda. Uning atroflarida gulzor, daraxtzorlar va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etilmoqda. Ko‘chalarda suvlar to‘planib qolish holatining oldini olish maqsadida drenaj tizimi o‘rnatilmoqda.  

Bahorda mahalla hududiga 2 ming 400 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish ishlariga alohida ishtiyoq bilan kirishildi. Bunda bo‘sh turgan joylarga yangi ko‘chatlar o‘tqazish, mavjudlarining qurib qolmasligi uchun agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Shu o‘rinda mahallabay ishlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalaman, – deydi tuman hokimining mahalladagi yordamchisi Yoqub Sulaymonov. – Sakson nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Yana bir yuz oltmish kishi o‘zini o‘zi band qildi. Ellikka yaqin fuqaromiz kasb-hunarga o‘qitildi. Yana olti kishiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 126 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. To‘rtta ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqaroga subsidiyalar ajratilgan, tikuv mashinalari va suv isitish moslamalari tarqatildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini odamlar o‘z hayotlarida ko‘rmoqda. Umuman aytganda, mahalla ahli doimiy ish bilan band. O‘tgan davrda bu yerda bironta jinoyat sodir etilmaganligini davlatning quyi tizimga e’tibor qaratayotganining bir ifodasi deyishimiz mumkin.

Mahalla ahlining ahilligi e’tirofga loyiq. 2021 yil kutilmagan yong‘in ortidan 12 xonadon jabr ko‘rgan. Bu oilalar e’tiborsiz qoldirilmadi. Yaxshi insonlar, saxovatpeshalar ko‘magida talafot ko‘rgan uylar yangidan qurib berildi.

 

Ikrom Avvalboyev, O‘zA