Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyi tizim faol ishlasa, samaradorlik oshadi
18:47 / 2026-01-21

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand filiali mas’ullari tumanlarda aholiga endokrinologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish hamda monitoringini olib borish maqsadida joylarda o‘rganish o‘tkazmoqda.

Jumladan, ixtisoslashtirilgan markaz vakili G.Jabborova boshchiligidagi ishchi guruh Nurobod va Urgut tumanlari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining bu boradagi faoliyati bilan tanishdi.

O‘rganish davomida mazkur hududlarda ko‘p uchraydigan endokrin kasalliklar tahlil qilinib, bu xastaliklarning oldini olish va ularni barvaqt aniqlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, 40 yoshdan oshgan aholini skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish jarayonlari va uning natijalari, xavf guruhidagi aholi qatlami bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada mahalliy shifokorlar, endokrinologlarga amaliy tavsiyalar berildi. Aholiga yuqori malakali, sifatli va uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish yuzasidan mas’ul xodimlar bilan fikr almashildi.  

Urgut tumanidagi o‘rganishlar davomida oilaviy shifokorlar ishtirokida “Endokrin kasalliklarni tashxislash algoritmi va davolash yo‘nalishi xaritasi” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.  

– Mazkur seminar endokrin kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, davolash jarayonida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash masalalarida hududlardagi tibbiyot xodimlari uchun foydali bo‘ldi, – deydi ixtisoslashgan markazning Samarqand filiali vrachi Y.Abduroziqova. – Tumanlarda aholiga endokrinologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘rganishlardan ko‘zlangan maqsad ham shu aslida. Quyi tizimdagi hamkasblarimizga qancha ko‘p yordam bersak, ularni qo‘llab-quvvatlasak, aholi o‘rtasida endokrin kasalliklarni  erta aniqlab, samarali davolashga erishamiz.

Monitoring tadbirlari boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.

G‘.HASANOV muxbirixas, O‘zA