Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyi palata islomiy bank faoliyatiga oid loyihani qabul qildi
13:45 / 2025-11-11

Parlament quyi palatasi majlisida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish hamda yangi turdagi bank xizmatlarini joriy qilish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unda islomiy bank va moliya operatsiyalariga oid huquqiy normalar aks ettirilgan. 

Muhokamalarda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida kiritilgan to‘ldirishlar, o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, loyihadagi islom moliyasi operatsiyalariga oid ayrim atamalar ularning aniq mazmuni ochib berilmagani bois chiqarib tashlangan. Chunki islom moliyasi operatsiyalari turlari 30 dan ortiq bo‘lib, loyihada 6 ta turi ko‘rsatilgan. 

Shuningdek, moliya standartlari hamda investitsiyaviy depozitlarga oid normalar bo‘yicha avval bildirilgan takliflar inobatga olingani alohida ta’kidlandi. 

Loyihada islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish bo‘yicha talablar aniq belgilanmoqda. Islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni olishga ruxsat berilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bilan islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish bo‘yicha tegishli tartibning joriy qilinayotgani moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘lamining oshishiga katta turtki berishi ta’kidlandi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishga, aholi va tadbirkorlarga muqobil moliya institutlaridan foydalanish imkoniyatini yaratishga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi bo‘yicha ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi. Muhokamalardan so‘ng loyiha qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (foto), O‘zA