Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quyi Chirchiqdagi g‘alladan bo‘shagan yer fuqarolarga bo‘lib beriladi
17:22 / 2021-06-21

Bu yil Toshkent viloyati tumanlarida o‘rib olingan g‘alla maydonlarining 80 foizi, ya’ni qariyb 90 ming gektariga takroriy ekinlar ekish mo‘ljallangan.

O‘rganishlar jarayonida ro‘yxatga olingan har bir oilaga 25 sotixdan yer ajratib berish orqali hududda 270 ming nafar aholining bandligini ta’minlash, daromad manbaini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Shu kunlarda viloyatning 4-sektor kesimida g‘alladan bo‘shagan maydonlar ana shu ro‘yxat asosida taqsimlanyapti. Xususan, viloyat 4-sektor hududidagi 16 ming 627 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 8 ming 73 gektariga dukkakli ekinlar, 1 ming 980 gektariga sabzavot, 1 ming 120 gektariga kartoshka, 130 gektariga poliz hamda 4 ming 200 gektariga ozuqabop ekinlar ekilmoqda.

Quyi Chirchiq tumanining «Chinobod» mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda 50 nafarga yaqin aholi vakillari jalb qilindi. Ularning asosiy qismi «Temir daftar»dagi oilalar vakillari, «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftar»iga kiritilgan fuqarolardir.

– Dehqonchilik qilishimiz uchun 50 sotix yer maydoni ajratildi, – deydi Quyi Chirchiq tumani «Chinobod» MFYda yashovchi Ixtiyor Umarov. – Bu joylar daromad qilish uchun judayam unumdor hisoblanadi. Endilikda ushbu yerga dukkakli mahsulot ekishni rejalashtirganman. Yana shundan xursandmanki, bizga ajratilayotgan yer maydonlari haydalgan va dehqonchilikni boshlash uchun tayyor. Farzandlarimiz bilan mehnat qilib, yaxshi hosil olishni maqsad qildik. Bu esa o‘z navbatida oilaviy daromadimizning oshishi uchun zamin yaratadi.

Tumanda takroriy ekin ekish uchun ajratilayotgan maydonlarning tuproq unumdorligi ball banetitiga, suv bilan ta’minlanish darajasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Aholining talab va istagidan kelib chiqqan holda tayyorlangan yerlarning asosiy qismiga mosh urug‘i qadalmoqda.

Quyi Chirchiq tumanining 4-sektor hududida 7 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 20 ming 217 nafar aholi istiqomat qiladi. 4-sektor hududining 2 148 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga xatlov natijasida 3 ming 867 nafar yerga talabgor bo‘lgan fuqaro aniqlandi. Ularning 2 ming nafarini «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar tashkil qiladi. Ajratilgan yerlarga yetishtirilayotgan dukkakli mahsulotlar shartnoma asosida eksportga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ekin ekish, unga ishlov berish bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq klaster tomonidan qoplab berilmoqda. Fuqarolardan esa ekinni sug‘orish, uni o‘z vaqtida parvarish qilish hamda pishgan hosilni yig‘ishtirib olish talab qilinadi, xolos.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, taxminan bir kishiga ajratilgan 50 sotix yerdan o‘rtacha bir tonnadan hosil olinganda ham bozor bahosida 10 million so‘m daromad olinadi. Mutasaddilar tomonidan amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar oilalarning daromadini oshirib, aholining turmush tarzini yanada yaxshilaydi.

 

A.Musayev, O‘zA