2021-2022 o‘quv yili oldidan homiylik mablag‘i hisobidan qurilgan Respublikadagi ilk STEM fanlariga ixtisoslashgan maktab Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida foydalanishga topshirildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, tuman hokimligi mas’ullari, maktab o‘qituvchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va maktabni to‘liq qurib, jihozlagan homiy tadbirkor G‘ofur Raximov tomonidan ramziy ma’noda ko‘chatlar ekildi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ta’lim dargohlarini zamonaviy o‘qitish tizimiga moslashtirish va yangi qiyofaga keltirish uchun alohida e’tibor qaratilayapti. Toshkent viloyatida so‘nggi 3 yil davomida 268 ta maktab Investitsiya va boshqa dasturlar asosida ta’mirlandi. Buning uchun 380 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Joriy yilning o‘zida qariyb 500 ta (55 foiz) maktabda ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, jumladan, 40 ta maktabda Investitsiya, 41 ta maktabda “Obod qishloq” dasturi asosida, 418 ta maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
E’tiborlisi, bunga saxovatli tadbirkorlar ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, tadbirkor G‘.Rahimov mablag‘lari evaziga 45-umumta’lim maktabining eski binosi o‘rnida zamonaviy ta’lim maskani qad rostladi. Bu yerda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Barcha xonalar so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, STEM fanlariga ixtisoslashtirildi. Jumladan, 600 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ta’lim muassasasida matematika, chet tili, axborot texnologiya va kimyo-biologiya fanlari chuqurlashtirgan holda o‘qitiladi. Ayni paytda 634 nafar o‘quvchiga 43 nafar pedagog ta’lim berishi rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari ta’lim maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
A.Musayev, O‘zA