Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, ayollar uchun doimiy isho‘rinlarini yaratish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Quvvacha mahallasida “Parvoz plyus fayz baraka” MCHJ tomonidan yangi tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi.
Yangi ishlab chiqarish maskanining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar xotin-qizlar bandligi, ularni doimiy ish bilan ta’minlash hamda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.


– Bugungi kunda ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, ularni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish orqali oilalarning farovonligini ta’minlash bilan birga, tuman iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga zamin yaratilmoqda. Shu jihatdan yangi tikuvchilik korxonasining ishga tushirilishi juda muhim ahamiyatga ega, –deydi tuman hokimi Xurshid Toxirov.


Yangi korxonada dastlab 120 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich yanada ortishi rejalashtirilgan. Korxonada zamonaviy tikuv uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham yo‘naltiriladi.
Korxonaning yana bir e’tiborga molik jihati Qorako‘l tumanidagi 2-son politexnikum bilan dual ta’lim tizimi asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Endilikda tikuvchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan 41 nafar o‘quvchi korxonada amaliyot o‘tab, o‘z mehnati evaziga maosh olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.