Gaz ta’minoti sohasida aholiga sifatli, barqaror va xavfsiz xizmat ko‘rsatish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ko‘p yillar avval o‘rnatilgan va texnik xizmat ko‘rsatishda qiyinchilik tug‘diradigan kommunikatsiya tarmoqlarini zamonaviy va xavfsiz tizimlar bilan yangilash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham bu borada tizimli ishlarni kuzatish mumkin. Jumladan, "Hududgaz Sirdaryo" gaz ta’minoti filiali tomonidan Boyovut tumanidagi Jo‘langar mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yer ostida joylashgan, foydalanish muddati o‘tgan, diametri 159 mm bo‘lgan eski gaz quvurlari demontaj qilinib, texnik xavfsizlik talablariga muvofiq ravishda yer ustiga chiqarilmoqda. Bu avvalo xizmat ko‘rsatishdagi qulaylikni oshirish, shu bilan birga ehtimoliy nosozliklarni oldindan bartaraf etish imkonini beradi.

Shuningdek, Sarmich mahallasida aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan va gidravlik talablarga javob bermaydigan samarasiz quvurlar ham alohida e’tiborga olindi. Ularning o‘rniga me’yoriy talablarga javob beradigan, diametri 57 mm bo‘lgan, xavfsiz va estetik jihatdan maqbul zamonaviy gaz quvurlari o‘rnatilayapti.

Mazkur ishlar mahallalarda aholining qulay, xavfsiz va uzluksiz gaz ta’minotidan foydalanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu sa’y-harakatlar barqaror infratuzilmani shakllantirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri