Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quvayt gazetasida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi
06:03 / 2022-04-27

Quvaytning “The Times Kuwait” gazetasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi rahbari Tanzila Norboyevaning mamlakatimizda mehnat munosabatlari rivojiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, mehnat munosabatlari va mehnat bozorini rivojlantirish, aholining hayot sifatini yuqori darajaga ko‘tarish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga har tomonlama mos kelishi maqolaning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi.

Shuningdek, materialda “Xalq davlat idorasi uchun emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak” va “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” tamoyillari ham ochib berilgan.

– Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli inson huquq va kafolatini ta’minlash, majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga barham berish borasida aniq natijalarga erishish mumkinligi isbotlandi, – deb yozadi T.Norboyeva. – Mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar allaqachon jahon hamjamiyati nigohini jalb etdi. Masalan, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining O‘zbekistonga qarshi “paxta boykoti” bekor qilindi.

Senat raisi 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda tizimli ravishda bolalar mehnatiga barham berila boshlangani, 2021 yilga kelib mamlakat AQSHning odam savdosi bo‘yicha hisobotida o‘rnini yaxshilab, ikkinchi toifaga ega bo‘lganini alohida qayd etgan. 2019-2021 yillarda ayni yo‘nalishda milliy miqyosda 32 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkilotining qator konvensiya va bayonnomalari ratifikatsiya qilingan.

Muallif rnspublikamizda Xalqaro mehnat tashkiloti ko‘magida Bandlik strategiyasi ishlab chiqilayotgani haqida ham ma’lumot bergan. O‘zbekiston mehnat bozorida demografiya yuki yuqori davlat ekani ta’kidlangan. “Ayni payt mehnatga layoqatli aholi soni 20 millionga yaqin, bandligi ta’minlangan fuqarolar 15 million, ishga muhtojlar soni 1,5 millionni tashkil qiladi”, deyiladi maqolada.

2021-2025 yillarga mo‘ljallangan munosib mehnatni ta’minlash bo‘yicha mamlakat dasturi imzolangani, O‘zbekiston BMT tizimi islohoti yangi talablarini hisobga olgan holda davlat dasturini birinchilardan bo‘lib ishlab chiqqaniga alohida e’tibor qaratilgan.

B.Xudoyberdiyev,

O‘zA