Quvasoydagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi (foto)
Quvasoy shahridagi “Hasanjon – Husanjon Muyan polvoni” fermer xoʻjaligi koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirilganiga oʻn yil boʻldi.
Quvasoy shahridagi “Hasanjon – Husanjon Muyan polvoni” fermer xoʻjaligi koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirilganiga oʻn yil boʻldi.
Hozirda xoʻjalikda 250 bosh yirik shoxli qora-ola naslli mollar parvarishlanmoqda. Ularning 70 dan ortigʻi sogʻin sigirlardir. Ulardan kuniga 750-800 litr sut sogʻib olinib, Andijon viloyatidagi qayta ishlash tarmoqlariga yetkazib berilyapti.
– Chorva mollarini koʻpaytirish maqsadida yana 200 bosh mol sotib olishga shartnoma tuzganmiz, – deydi xoʻjalik ish yurituvchisi Jasur Mamarizayev. – Ana shu loyihamiz asosida bankdan kredit olish masalasi hal boʻlib qolsa darhol pulni oʻtkazib mollarimizni olib kelamiz. Bizda muammoli ish hal boʻlmay turibdi. Yaʼni, mavjud 550 bosh qoʻylarimizni boqish uchun yaylov yoʻqligi faoliyatimizda qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda.
Fermer xoʻjaligining 2 gektar maydondagi baliqchilik xoʻjaligi yildan yilga rivoj topmoqda. Bu koʻlga oq doʻngpeshona, oq amur baligʻi chavaqlari tashlangan. Ularning kundalik rivoji nazorat ostida.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining 8 gektarlik bogʻida esa olma, gilos, olxoʻri mevalari birin-ketin gʻarq pishayotir. Giloslardan yaxshigina daromad olindi. Olma juda xaridorgir, olxoʻrining tim qora navi yurakka davo boʻladi. Bu mevalar yil sayin katta daromad berayotgani quvonarli.
Xoʻjalikning 10 gektar gʻallazorida pishib qolgan boshoqli dondan hademay moʻl hosil yigʻib olinadi.