FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida aholi dasturxonini qish mavsumida ham sarxil sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shaharning “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi adir yerlarda 2 gektar maydonda barpo etilgan zamonaviy issiqxonada yilning sovuq kunlarida ham pomidor yetishtirilmoqda.
“Shokirjon ota” dehqonchilik fermer xo‘jaligida Kamoliddin Shokirov rahbarligida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘jalikda 15 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 10 nafarga yaqin mavsumiy ishchilar ham mehnat qilmoqda. Energiya tejamkor isitish tizimi va tomchilatib sug‘orish texnologiyasining joriy etilishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda daromadni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Muhiddin Akbarovning ma’lum qilishicha, Turkiyadan keltirilgan sara urug‘lar asosida yetishtirilgan pomidorlar pishib yetildi. Yaqin kunlarda hosilni ichki bozorga yetkazib berish ishlari boshlanadi. Xo‘jalikda urug‘lar o‘z hududida ko‘chat qilib ekiladi. Shuningdek, turkiyalik mutaxassislar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda mazkur mamlakatdan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirokida issiqxona sharoitida pomidor yetishtirishning zamonaviy yondashuvlari va ilg‘or agrotexnologiyalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
[gallery-27794]
Ta’kidlash joiz, joriy yilning birinchi mavsumida 100 tonnadan ortiq pomidor hosili olish va uni ichki bozorga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA