Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quvasoyda parrandachilik orqali yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda
18:44 / 2026-02-11

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 3480 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisi asosan tadbirkorlik, chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib, oila farovonligini ta’minlab kelmoqda.

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday korxonalardan biri Jahongir Jo‘rayev rahbarlik qilayotgan «Do‘stlik parranda» mas’uliyati cheklangan jamiyatidir.

Parrandachilik xo‘jaligida Germaniyadan keltirilgan «Loman Sendi» zotli 100 mingdan ortiq tovuq parvarishlanmoqda. Shundan 27 mingtasi jo‘ja hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan korxonada kuniga o‘rtacha 60 ming donadan ortiq tuxum ishlab chiqariladi. Shuningdek, hududdagi maxsus sexda parrandalar uchun 8–9 turdagi ozuqa tayyorlanmoqda.

Ayni paytda korxonada 60 nafarga yaqin mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.

[gallery-27601]

— Bir oyda o‘rtacha 2 million donaga yaqin tuxum yetishtirib, viloyat aholisiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib beryapmiz, - deydi korxona rahbari Jahongir Jo‘rayev. — Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlari unumdorligini oshirish maqsadida mahalliy o‘g‘it ham yetkazib bermoqdamiz. Kelgusida go‘sht yo‘nalishida parrandachilikni yo‘lga qo‘yib, ishlab chiqarish hajmini kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Qayd etilishicha, bunday tashabbuslar mahallada tadbirkorlik muhitini mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Parrandachilik sohasida tashkil etilgan korxonalar mahallada o‘zini o‘zi band qilish madaniyatini shakllantirmoqda, - deydi MFY hokim yordamchisi Sattorali Yo‘ldoshev. — Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratilayotgani ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omildir.

Xulosa qilib aytganda, Quvasoy shahridagi «Do‘stlik parranda» MCHJ faoliyati mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligini kompleks rivojlantirishda ibratli tajriba sifatida e’tirof etilmoqda.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA