FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida suv resurslaridan samarali foydalanish va sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday loyihalardan biri — “Eski Nayman” kanalida amalga oshirilgan betonlashtirish ishlari yakunlanib, ob’ekt foydalanishga topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, kanalning 4,6 kilometr qismini betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 4,66 kilometr masofada ishlar to‘liq bajarildi. Loyihaning umumiy qiymati 570 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Kanal «Lashkar» va «Pastki Valiy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududlaridan o‘tadi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1100 gektar fermer xo‘jaliklari yer maydoni hamda 200 gektar aholi tomorqa yerlarining suv ta’minoti yaxshilandi. Ilgari tuproq o‘zan orqali suvning sizib ketishi va yo‘qotilishi kuzatilgan bo‘lsa, beton qoplama suvni tejash, uni manzilli yetkazish va ortiqcha yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini bermoqda.
2025–2026-yillarga mo‘ljallangan dasturga muvofiq, Quvasoy shahrida jami 7,3 kilometr sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish belgilangan. Bugungi kunga qadar rejaning 5,8 kilometr qismida ishlar bajarildi.
[gallery-27907]
Mazkur chora-tadbirlar sug‘orish tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash, suv o‘tkazish qobiliyatini oshirish hamda ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. Shaharda betonlashtirish ishlarini bosqichma-bosqich davom ettirish, mavjud tarmoqlarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA