FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida yirik sanoat korxonasi qurilmoqda.
Loyiha doirasida Koreya Respublikasining “Hansae Mobility” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyihaning birinchi bosqichida 120 ta, to‘liq quvvatga chiqqach esa 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Korxonada mahalliy avtosanoat korxonalari uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Ayni paytda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Jarayonda mahalliy mutaxassislar bilan birga xorijiy muhandislar ham ishtirok etmoqda.
[gallery-27848]
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Quvasoy filiali hududini kengaytirish maqsadida 210 gektar yer maydoni ajratilgan. Hududda mahalliy va xorijiy investitsiyalar ishtirokida qator yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA