FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida muborak Ramazon oyi munosabati bilan aholi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Tadbirlar fuqarolarni sifatli va maqbul narxlardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yildi.
Yarmarkalarda mahalliy dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlari, shuningdek, hudud korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan un, yog‘, shakar, guruch va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari keng turda taklif etilmoqda. Narxlar bozor qiymatidan arzon belgilangani aholi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
[gallery-27736]
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, bunday yarmarkalar Ramazon oyi davomida muntazam ravishda o‘tkazilib, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar zaxirasi yetarli miqdorda ta’minlanadi. Bu esa bozorlarda sun’iy narx oshishi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Yarmarkalar aholiga qulay hududlarda tashkil etilgan bo‘lib, sanitariya va sifat nazorati talablariga qat’iy rioya etilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA