English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quvaliklar bir yilda 50 milliondan ortiq ko‘chat yetishtiradi
10:08 / 2023-02-25

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida ko‘chat yetishtirishda katta tajriba maktabi yaratilgan. Bu yerdagi aksariyat mahallalarning aholisi mazkur yumush bilan shug‘ullanib, uning hadisini olgan. Ayni kunlarda mahalliy bozorlarga mevali va manzarali daraxtlar, butasimonlar ko‘chatlarini yetkazib berish jarayonlari boshlandi. E’tiborlisi, 2022 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari yerlarida 43 million donadan ziyod ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 54 million donadan ziyodni tashkil etmoqda.

65 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘plab xonadonlarda bo‘lsangiz, asosiy daromad ko‘chat yetishtirish ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Qoraqum, Yangichek, Yangi Hayot, Tolmozor, Boyiston, Namuna, Oltinariq, Qaqir mahallalarida mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtirish hudud “drayver”iga aylangan bo‘lsa, Soyguzar, Xonobod, Madaniyat, Yangiqishloq mahallalarida atirgulchilik yaxshi rivojlangan.  

“Qoraqum” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tajribali tomorqachi Siddiqjon Hojimatovning aytishicha, 10 sotixdan 80-85 million so‘m daromad olish imkoniyati bor.  

Yangichek mahallasida ish bilan band bo‘lmagan aholiga o‘tgan yili 20 gektardan ziyod yer maydonlari ajratilgan bo‘lib, hozirda ularda asosan mevali va manzarali ko‘chatlar parvarishlanmoqda. Qariyb 170 ta xonadon qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lgan. Hozirda ham onlayn-auksion savdolari orqali tumanda fuqarolar uzoq yilga ijara asosida foydalanish uchun yer maydonlariga ega bo‘lib, ko‘chatchilik tarmog‘i kengaymoqda. Yangi faoliyat boshlayotganlarga tajribali tomorqachilar va mutaxassislar yaqindan ko‘mak ko‘rsatmoqda.  

Bu jarayonda, ayniqsa, tumandagi tomorqa va yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaz tomonidan ham 3 million tupdan ziyod ko‘chatlar yetishtirilib, mahalliy iqlimga mos yangi navlar, xususan, yangi uzum, olma, shaftoli, o‘rik, gilos, bodom, nok, manzarali va dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.  

M.Sulaymonov, 

M.Qodirov (surat), O‘zA