Quvalik tadbirkor 24 ta qabristonni obod qildi
Fargʻona viloyatining Quva tumani tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, yer bilan tillashish hadisini olgan mehnatkash odamlari bilan yetti iqlimda maʼlumu mashhur boʻlib kelmoqda.
Fargʻona viloyatining Quva tumani tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, yer bilan tillashish hadisini olgan mehnatkash odamlari bilan yetti iqlimda maʼlumu mashhur boʻlib kelmoqda.
Quva anori, gilosi, xurmosi, anvoyi gullari bilan tillarda doston boʻlib, bu boradagi yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati tufayli tuman ahli hamisha hurmatu eʼtiborga sazovor.
Urayimjon Karimov, Moʻsojon Sherboʻtayev singari fidoyilari, Tavakkal Qodirov, Ibrohim Rahim, Abduhoshim Ismoilov kabi koʻplab ijodkor va sanʼatkorlari, olimlari Quvaning oʻziga xos tashrif qogʻozi hisoblanadi.
Quvaliklar mardligi, tantiligi, olijanobligi, sodda va samimiy feʼli bilan ajralib turadi. El chorlaganda hamisha xizmatda kamarbasta boʻlish, yurt koriga yarash va ogʻirini yengil qilish singari xislatlar tuman ahlining ezgu fazilatlari sirasiga kiradi.
Hozirgi kunda ham tumanda ota-bobolardan meros bunday qadriyat va anʼanalarni oʻziga xos mehr-muhabbat bilan davom ettirib kelayotgan insonlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Xalqimiz el ishiga kamarbasta insonning davlati kam boʻlmaydi deydi. Bu bejiz emas, albatta. Quvaning asl farzandlaridan biri boʻlgan Mirodil Haydarovning ezgu amallari haqida eshitgan kishi koʻhna hayotning eski, lekin hech qachon eskirmas aqidalari nechogʻli haqiqat ekanligini yana bir bor anglab yetadi.
Bu koʻhna hayot hammaning ham boshini birdek mehr bilan silamaydi. Shu bois tuman qishloqlarida qoʻli yupqa, ehtiyojmand oilalar ham bor. Hatto baʼzilari kasal boʻlib, davolanishi uchun mablagʻi ham yoʻq. Mirodil aka yaqinda 13 yoshli bolaning yuragida jarrohlik amaliyoti oʻtkazish uchun beminnat yordam qoʻlini choʻzdi. Bugun darddan forigʻ boʻlgan bolaning oila aʼzolari quvonchini taʼriflashga soʻz ojiz. Tibbiyotda eng murakkab va qiyin, narxi ham shunga yarasha qimmat boʻlgan jarayon, yaʼni uch nafar bemorning buyrak koʻchirib oʻtkazish jarrohlik amaliyotiga zarur mablagʻ ham ushbu saxovatpesha inson tomonidan ajratildi.
M. Haydarov tadbirkorlik bilan shugʻullanib, tumanda koʻplab xizmat koʻrsatish va savdo majmualarini ishga tushirdi, yangi ish oʻrinlarini yaratdi. Kam taʼminlagan, ehtiyojmand oilalarga xayr-saxovat koʻrsatishni oʻziga odat qilgan bu inson el mehrini qozona oldi. El duosi bilan ishlari baroridan kelib, fayzli va barakali tadbirkor sifatida koʻplab yoshlar uchun tadbirkorlikda ustoz maqomida kelmoqda.
Bundan uch yil oldin u yana bir xayrli ishga qoʻl urib, tumandagi qabristonlarni obod qilishni boshladi. Boisi qabristonlar eʼtiborsizlikdan oyoq ostida qolib, mol boqiladigan, toʻrt tomoni ochiq, tashlandiq va qoʻrqinchli ahvolda qolgani yillar davomida uning dilini ogʻritib kelar edi. Axir bu maskanda eng yaqin insonlar qoʻnim topsa, ularni qarovsiz qoldirib boʻladimi? Qolaversa, bozorlar va mozorlar xalqning turmush tarzi, madaniyatini koʻrsatuvchi muhim mezon-ku! Ota-bobolar manguga qoʻnim topgan bunday maskanlar ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi mushtarak rishtalar nechogʻli mustahkam ekanligini koʻrsatuvchi koʻzgu emasmi?!
Quva tumanidagi “Qorovul ota” ziyoratgohi bugun eng obod maskanga aylandi. Tarixi XII asrga borib taqaladigan bu joy haqida quvaliklar orasida turli rivoyatlar uchraydi. Har yili erta koʻklamda mahalliy aholi ekin ishlarini boshlash, mushkullarini oson qilishda avliyo otadan madad soʻraydi. Aynan Mirodil akaning saʼy-harakatlari natijasida tabarruk maskanda muhtasham maqbara qurildi, atrofi devor bilan oʻraldi. Yoʻlaklarga zamonaviy plitalar yotqizildi, daraxtlar va anvoyi gullar ekildi. Xullas, ziyoratga kelib-ketuvchilar uchun hamma sharoitlar yaratildi.
–Bunday saxovatpeshalik, tantilik va mardlik hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi, – deydi bir guruh shu qishloqlik nuroniy otaxonlar. –Mirodiljonning qoʻlidan faqat yaxshilik keladi. Qiyin holatga tushganlarga yordam qoʻlini choʻzish, koʻprik, masjid va qabristonlarni obodonlashtirishning ajri yana-da ulugʻ. Yurtimizda shunday saxovatpesha insonlar bor boʻlsin. Bunday xayrli amallar yangi avlod uchun ham oʻziga xos ibrat maktabidir.
Oʻtgan davrda Mirodil Haydarov tashabbusi bilan tumandagi “Tolmozor”, “Kandabuloq”, “Mozortagi”, “Namuna” kabi 24 ta qabriston obodonlashtirildi. Bu boradagi ezgu ishlarni davom ettirish barobarida ayni kunlarda koronavirus pandemiyasi sharoitida qiynalib qolgan oilalarga ham yordam koʻrsatmoqda.
Ezgulik va yaxshiliklar xususida gap ketganda, qahramonimiz kamtarona jilmayib, samimiylik bilan muruvvat – oʻng qoʻlning ishi, uni koʻz-koʻz qilish qilingan ehsonni yoʻqqa chiqarishini taʼkidlaydi.
–Yoshligimizdan ota-onamiz qoʻldan kelganicha odamlarga yaxshilik qilishga oʻrgatgan, – deydi Mirodil aka. – Bu ishlarni koʻz-koʻz uchun qilmaymiz. Chunki maqsadimiz ezgu, odamlarning mushkulini oson qilish orqali ularga yashash, mehnat qilish zavqini tuhfa etishga qaratilgan.
...Vaqt oliy hakam, deydi dono xalqimiz. Yurt ravnaq-rivoji, elimizning tinch-xotirjam umrguzaronlik qilishi yoʻlida beminnat amalga oshirilayotgan har bir savobli yumush vaqti kelib oʻz sohibini taqdirlaydi. Aslida bunday insonlar uchun hamyurtlarimiz tomonidan koʻrsatiladigan yuksak hurmat va ehtirom eng munosib bahodir. Zero, yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir.