Farg‘ona viloyatining 13 ta tumanida «Hunarmandlar markazi» qurilib, sentyabr oyida ish boshlagan edi. Ularda 4 ming nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash belgilangan.
Xo‘sh, joylarda bu boradagi ishlar qanday?
Quva tumani markazida «Hunarmandlar markazi» ochilgan. Uch qavatli binoda savdo kompleksi va ko‘rgazmalar zali, gilam to‘qish, atlas va adras matolarini ishlab chiqarish bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda bo‘lib, haqiqiy holat bilan tanishdik. Markaz ichkarisiga kirib borar ekanmiz, birinchi qavatdagi milliy hunarmandchilik namunalari e’tiborimizni tortdi. Afsuski, keyingi qavatlardagi manzara, bo‘m-bo‘sh dastgohlar dilimizni ranjitdi. Bor yo‘g‘i uch nafar ayol ishlayapti, xolos.
«Hunarmandlar markazi» davlat-xususiy sheriklik asosida hunarmand Ibrohimjon Sultonovga berilgan.
– Ilgari «Ismoiljon gilamlari» korxonasida adras, a’lo baxmal to‘qishni o‘rganganman, – deydi ish boshqaruvchi Xolidaxon Rahmonova. – Hunarmandchilikda tajribam bor. Ayni kunlarda «usta-shogird» asosida quvalik ishsiz ayollarga hunar o‘rgatib kelayapman. Bu yerda boshida 20 kishi edik. Havo soviganidan so‘ng xotin-qizlar kelmay qo‘ydi. Shu yerda bog‘cha ham tashkil qilgandik. Endi birinchi qavatda tikuvchilik sexini ishga tushirish harakatidamiz.
Bu yerdagi qurilish ishlari chala holatda bo‘lib, aksariyati sifatsiz bajarilgan. Isitish tizimi ishlamaydi. Hatto hojatxona ham to‘liq bitmagan. Shu bilan birga tarnov, ichkaridagi havo tozalash tarmog‘i umuman talabga javob bermaydi. Marg‘ilon shahridagi «426-xo‘jaliklararo ixtisoslashgan ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonna» mas’uliyati cheklangan jamiyatining ish yurituvchisiga bu borada ko‘p murojaat qilingan bo‘lsa-da, amaliy natija yo‘q.
Joylarda «Hunarmandlar markazi»ini tashkil etishdan asosiy maqsad, ishsiz fuqarolar va xotin-qizlar uchun biror hunar o‘rgatishdir. Viloyat hokimligi tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan bir oylik o‘quv kurslari tashkil etish belgilangan bo‘lsa-da, bu ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Natijada katta mablag‘lar sarf etilgan markazlar huvullab yotibdi. Ish o‘rni yaratish yoki hunar o‘rgatishda hisobot, ko‘zbo‘yamachilik ketmaydi. Aks holda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu holatda o‘z so‘zini aytishi kerak bo‘ladi.
M.Sulaymonov, O‘zA