2026 yil bog‘bonlar uchun xushxabar bilan boshlandi. Ularning aytishicha, may oyining 10-15 sanasigacha pishib, rang olib, iste’mol qilish mumkin bo‘lgan shaftoli navi yaratilibdi. Uni Yevropadagi otaliq ko‘chatga nisbat berib patagoniya deb atabdilar.
Quvada Botirovlar oilasini yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Sababi bu oilada mana beshinchi avlod ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadi va ular yetishtirgan ko‘chatlar bexato unadi, serhosil va ertapishar bo‘ladi. Jahongir sulolaning eng kichigi. Ammo bobolariga munosib.

– Biz 10 gektar maydonda ko‘chat yetishtiramiz. Ular gilos, shaftoli, o‘rik, nok, behi, olxo‘ri kabilar bo‘lib, bir yilda 800 ming donani tashkil qiladi, – deydi bog‘bon Jahongir Botirov. – Shuningdek, yangi navlar yaratish ustida ham ish olib boramiz. Mana, bu shaftolining patagoniya navidir. Bunisi esa bigben navi.

Jahongir bog‘dorchilikda yer yutib olgan yangi bog‘bonlar bilan ko‘chatchilikka maydon ajratish va ikki yilda bog‘ yaratib berish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ishlaydi. Bundan har ikki tomon ham yutadi.
– Bu ko‘chatlar nok. 2024 yilda ekib, 2025 yilda payvand qildik. Bu yil kuzda tayyor bo‘ladi, – deydi bog‘bon.

Eng nozik ko‘chat nok. Ilgari u 7-10 yilda mevaga kirgan. Jahongir uch yoshli ko‘chatni meva tutadigan qila oldi. Shundanmi, u yetishtirayotgan ko‘chatlarga uzoq viloyatlar, hatto xorijiy davlatlardan ham xaridorlar bor. Shuning uchun yetilgan ko‘chatlarni ko‘chirib buyurtmachiga yuborishga allaqachon tayyorlab qo‘ydi. Chilla sovug‘i o‘tsa, ularni kerakli manzilga yetkazish va ekish mumkin bo‘ladi.

–Yetishtirgan ko‘chatlarimizni Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilyapmiz. Tojikiston bilan Qirg‘iziston ko‘proq olma va o‘rik ko‘chatlarini oladi. Shuningdek, manzarali ko‘chatlar ham yetishtiramiz. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 25 ming dona manzarali ko‘chatlar tayyorlab qo‘ydik. Bugun-erta jo‘natamiz.

Quvada qaysi ko‘chatchi bog‘bon bilan suhbatlashmang, hayotidan mamnun. Shaftolining yangi navi ommalashsa, yana daromadi oshadi. Jahongir Botirov ham shu fikrda:

– Avvalo soliqlarni to‘laymiz. Ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib topgan daromadimizga uy qurdik, mashina sotib oldik, to‘ylar qildik. Xullas, bir oilaning barcha kamini qoplaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eh1-TvDQlaQ" title="Quvada shaftolining yangi navi yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA