Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quva tumani tibbiyot muassasalari yashillikka burkanmoqda
11:10 / 2022-03-11

“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida Farg‘ona viloyatidagi tibbiyot muassasalarida 500 ming tupdan ortiq manzarali, mevali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Tibbiyot xodimlari bu borada faol bo‘lib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Quva tumani “Katta Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 83-oilaviy poliklinika yaqinda yangi ta’mirlangan binoga ko‘chib o‘tdi. Ikki milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘ evaziga bu maskanda barcha sharoitlar yaratildi. Albatta, bunda hududning obodligi katta ahamiyatga ega. Shu bois hozirga qadar 80 tup hurmo, 40 tup archa, qrim sosnasi va turli gul ko‘chatlari ekildi.  Ko‘rkam qiyofa kasb etgan oilaviy poliklinikaga qadam qo‘ygan kishining yashillikdan dili yayraydi.

– Quva azaldan ko‘chatchilik va  gul yetishtirish bilan mashhur,  – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Munavvarxon Abdujalolova. – Tibbiyot xodimlari orasida mirishkorlari anchagina. Daraxtlarning hayotimizdagi o‘rnini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasi inson salomatligi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois tibbiyot muassasalarida daraxt ekishga, uning parvarishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar 15 ming donadan ziyod ko‘chatlar ekildi va bu jarayon davom etmoqda.

Tumandagi markaziy shifoxona, 7 ta oilaviy poliklinika hamda 5 ta oilaviy shifokorlik punkti bugun yashillikka burkanmoqda. Quvalik tibbiyot xodimlari “Yaxshidan bog‘ qoladi” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan “Eng obod tibbiyot muassasasi” viloyat ko‘rik-tanlovida munosib o‘rin egallashni maqsad qilgan.

[gallery-6090]

M. Sulaymonov M. Qodirov ( surat), O‘zA