English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quva anori — Farg‘onadan jahon bozoriga
12:24 / 2026-02-18

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik, ayniqsa anor yetishtirish sohasi jadal rivojlanmoqda. Quva tumani anorchilik bo‘yicha to‘plangan tajriba va yuqori hosildorlik bilan alohida ajralib turibdi.

Bugungi kunda tumanda 4600 gektar maydonda anor bog‘lari mavjud bo‘lib, 373 ta fermer xo‘jaligi anorchilikka ixtisoslashgan. Shuningdek, 2600 gektar maydon aholi tomonidan parvarishlanmoqda. Bu esa anorchilik aholi uchun ham barqaror daromad manbai ekanini ko‘rsatadi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, Quva tumanida qariyb 50 ming tonna anor yetishtirilib, uning 25 ming tonnasi eksportga yo‘naltirildi. Quva anorlari AQSH, Xitoy, Koreya Respublikasi hamda Yevropa davlatlari bozorlarida xaridorgir mahsulot sifatida tan olinmoqda. Tabiiyligi, ta’mi va uzoq saqlanish xususiyati uning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.

Soykeldi mahallasi “anorchilar mahallasi” sifatida nom qozongan. Mahalla aholisi 310 gektar yer maydonida anor yetishtirib, uni tabiiy usulda saqlashni yo‘lga qo‘ygan. Qish oylarida ham sifatini yo‘qotmagan anorlar eksportga chiqarilmoqda.

Mahallada yashovchi Azamat Jalolov 3,5 gektar anor bog‘idan joriy mavsumda 50 tonnadan ziyod hosil oldi. U hosilning 25 tonnasini tabiiy sharoitda saqlab, eksportga tayyorlamoqda.

Quvada anorchilik rivoji aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va qishloq joylarda daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Tabiiy usulda saqlangan ekologik toza anorlar Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos brendiga aylanib bormoqda.

Daladan eksportgacha bo‘lgan jarayonlarda fitosanitariya nazorati muhim o‘rin tutadi. Mahsulotlarni xalqaro talablar asosida xavfsiz va sifatli holda eksportga chiqarish ta’minlanmoqda.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA