Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qutqaruvchining ishi uning vatan oldidagi sharafli burchidir
19:02 / 2020-01-11

Mamlakatimizda qutqaruvchilarni tayyorlashning samarali tizimi mavjud boʻlib, aksariyat mashgʻulotlar real hayotdagiga imkon qadar yaqin sharoitlarda olib boriladi. Bu muhim ahamiyatga ega.


Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 28-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimiz FVV akademiyasida anʼanaviy ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Unda akademiya mehmonlari qutqaruvchilar faoliyatida qoʻllaniladigan texnika va uskunalar bilan tanishdi.

Har yili oʻtkaziladigan ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi FVV xodimlari, qutqaruvchilar va oʻt oʻchiruvchilar, shuningdek, poytaxtimizning Sergeli tumanidagi umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda tahsil olayotgan 400 nafardan ortiq oʻquvchi ishtirok etdi.

Akademiya mehmonlari uchun favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda foydalaniladigan eng zamonaviy texnik vositalar va uskunalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shu bilan birga tadbir qatnashchilariga qutqaruvchilarning yuksak darajadagi kasbiy va jismoniy tayyorgarligi ham namoyish etildi.

Tadbirda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday paytda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha davlat tizimi koʻp jihatdan xodimlarning chuqur bilimi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga bogʻliq ekani qayd etildi. Koʻpincha innovatsion avariya-qutqaruv uskunalari ham yuksak malakali qutqaruvchining tajribasi, egallagan bilim va koʻnikmalari, ichki hissiyotlarining oʻrnini bosolmaydi. Shu bois, barcha qutqaruv otryadlarini qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda, ular zamonaviy maxsus avtomobil texnikasi, avariya-qutqaruv uskunalari va moslamalari bilan taʼminlanmoqda.

Mamlakatimizda qutqaruvchilarni tayyorlashning samarali tizimi mavjud boʻlib, aksariyat mashgʻulotlar real hayotdagiga imkon qadar yaqin sharoitlarda olib boriladi. Bu muhim ahamiyatga ega. Chunki, insonning keskin oʻzgarishlar holatida oʻzini qanday tutishini oldindan bashorat qilish ancha murakkab. Salbiy omillarga qarshi vazmin va toʻgʻri harakat qilishni oʻrganish maqsadida FVV xodimlari maxsus treninglardan oʻtadi. Tayyorgarlik jarayonida ular oʻt balosi oldidagi qoʻrquvni yengishdan tortib, boshqa xatti-harakatlarni avtomatlashgan tarzda bajarishni oʻrganadi, ularning koʻpchiligi hatto insonning tabiiy sezgilariga qarshi boradi.

Masalan, oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi FVV mutaxassislari zilzila jarayonida shartli jabrlanganlarni topish va qutqarish boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlarda ishtirok etdi. Bu mashgʻulotlar Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar idoralari rahbarlarining oʻninchi majlisi doirasida Nyu-Dehli (Hindiston) shahrida tashkil etilgan boʻlib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha ssenariylarni mashq qilishga yoʻnaltirilgan edi.

Mashgʻulotlarda mamlakatimiz vakillaridan tashqari, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Xitoy, Hindiston va Pokistondan ham qutqaruvchilar ishtirok etdi. Bu favqulodda vaziyatlarda xalqaro yordamni qabul qilish, muvofiqlashtirish va undan foydalanish boʻyicha boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Tadbir yakunida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar oʻquvchilarining favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish qoidalariga oid bilimlarini tekshirish maqsadida viktorina tashkil etildi.