Angren kon boshqarmasi tasarrufidagi “Ko‘chbuloq” konida Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi tomonidan maxsus taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Unda Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi bo‘linmalari qutqaruvchilari ishtirok etdi.
Otryad komandiri Uyg‘un Shamiyevning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar qutqaruvchilarning jangovar shayligini ta’minlash, avariya holatlarida to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish hamda uni amalga oshirish samaradorligini oshirish maqsadida muntazam tashkil etib boriladi.

– O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi inspeksiyaning Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi ixtisoslashtirilgan davlat tashkiloti hisoblanadi. U respublika hududida yer osti ishlarini olib boruvchi ko‘mir, kon-ruda, geologiya-qidiruv, metallurgiya, kimyo sanoati korxonalari hamda boshqa tarmoqlar, xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalarda, yer osti inshootlarini qurish, qayta qurish, foydalanish, tugatish yoki konservatsiya qilish jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan portlash, yong‘in, gaz chiqishi, ko‘chkilar, tog‘ jinslari otilishi, suv toshqinlari kabi avariya va favqulodda holatlarda tezkor qutqaruv ishlarini amalga oshiradi. Shu sababli, bugungi tadbir ham qutqaruvchilarning bunday vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishda muhim, – dedi U. Shamiyev.

Aytish joizki, o‘quv mashqining dastlabki bosqichida bo‘linmaning shaxsiy tarkibi, texnik vositalar va maxsus qutqaruv asbob-uskunalarining shayligi tekshirib chiqildi. Keyingi bosqichda avariya-qutqaruv hamda kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish bo‘yicha kompleks mashqlar bajarildi.

Yakuniy bosqichda bajarilgan ishlar tahlil qilinib, konda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.
– “Ko‘chbuloq” konidagi maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlarini yoritish maqsadida jurnalistlar ham jalb etildi. Tadbir doirasida tashkil etilgan press-tur davomida OAV vakillari konda favqulodda holat yuz berganda qanday tezkor qarorlar qabul qilinayotganiga guvoh bo‘ldilar. Bu jarayonlarni keng jamoatchilikka yetkazish ham tashkilotimiz faoliyatining asosiy vazifalaridan, – dedi inspeksiya axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA