Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qutqaruvchi bolalar” musobaqasi o‘tkazildi
21:45 / 2025-06-09

Yurtimizda o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” va “Yoshlar oyligi” doirasida Qashqadaryo viloyatidagi oromgoh va mahallalarda bolalar faol ishtirok etmoqda.

Shahrisabz tumanida joylashgan “Beruniy” oromgohida “Qutqaruvchi bolalar” musobaqasi yuqori ruhda tashkil etildi. 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘ngilli tarzda bellashuvlarda ishtirok etdi.

Musobaqa “Harbiy vatanparvarlik kuni” munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli idoralar hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad bolalarning yozgi ta’til paytida bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.

Tadbir davomida qatnashchilar yong‘in-qutqaruv texnikalari bilan tanishdi, favqulodda vaziyatlarda o‘zini tutish qoidalarini o‘rgandi. Bolalar yosh guruhlariga ajratilib, 5 ta jamoa shakllantirildi va 4 shart bo‘yicha – blits savol-javob, xarita va kompas yordamida “xazina”ni topish, favqulodda vaziyatda harakatlanish va suzish bo‘yicha bellashdi.

G‘oliblar faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri