Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini yuksak tashkiliy va g‘oyaviy darajada o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 17 dekabrda imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etildi.
Qarorda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi o‘zining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi. Og‘ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Akmal Saidov "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!" g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.
Ushbu tarixiy sanani munosib o‘tkazishga oid qarorda ta’kidlanganidek, so‘nggi davrda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar samarasida, ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish natijasida yurtimiz hayotini tubdan yangilash, "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. Mazkur jarayonlar rivoji Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan faollik ko‘rsatishni, yangi zamon ruhini xalqimiz ongiga yetkazishda yetakchilik qilishni talab etmoqda.
[gallery-900]
Ishchi guruh tomonidan qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini nishonlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘ylab istiqlolimizning huquqiy-ma’naviy asoslari, "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari", "Yangi O‘zbekiston – yangi Parlament", "Mustaqillik yoshlari" kabi ma’rifiy shiorlar ostida siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy tadbirlar o‘tkazish belgilangan. Bunda tadbirlarning o‘ziga xosligi, betakrorligi, kreativ yondashuv asosida ekani, aholining barcha qatlamlarini kengroq qamrab olish bilan birga, milliy parlamentarizmni shakllantirishga oid ijodiy onlayn tanlovlarni, davra suhbatlari, jonli muloqotlarni tashkil etish kerakligiga jiddiy e’tibor qaratildi. Ayni paytda eng ulug‘ va eng aziz ayyomga atalgan media mahsulotlarning rang-barangligi, bosma, elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarning mazmundorligiga katta ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, joylarda jonli muloqotlar o‘tkazish, bunga Yoshlar parlamenti tuzilmasidan ham vakillarni keng jalb etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Mazkur tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etishga parlament deputatlari bilan birga mahalliy deputatlar ham keng jalb etiladi. Yig‘ilishda uchrashuv va muloqotlarni o‘z vaqtida o‘tkazish uchun mas’ul deputatlar biriktirildi.
Ishchi guruh yig‘ilishida mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va bu ayyomni yuksak ruhda nishonlashga qaratilgan tadbirlarning “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
N.Usmonova, O‘zA