Yangilikka intilish, har bir sohada xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yangiliklar yaratilishi Yangi O‘zbekistonga xos xususiyatga aylandi.
Yangilangan Konstitutsiyaning joriy yilda xalqimiz tomonidan ma’qullangani va kuchga kirgani esa muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov bilan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizni ishlab chiqish jarayoni va xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu bosh hujjatning ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Qutbiddin Nukriddinovich, yangilangan Konstitutsiya ishlab chiqilishida bevosita ishtirok etgansiz. Bu jarayon qanday kechgan?
– Konstitutsiya butun davlatni boshqarish, xalqning hayoti bilan bevosita bog‘liq hujjat. Davlatdagi barcha ichki va tashqi siyosatni belgilab beradigan, insonlarning huquq va majburiyatlari, davlat tizimini belgilab beradigan Asosiy Qomusdir.
Asosiy qonun bo‘lishining sababi, boshqa qonunlar mana shu qabul qilingan Konstitutsiyaga asosan qabul qilinishi kerak. Agar Konstitutsiyaga to‘g‘ri kelmasa, bunday qonun bekor qilinishi Konstitutsiyaning o‘ziga nazarda tutilgan. Demak, bu Asosiy qonun va uning bajarilishi majburiydir.
O‘zbekistonda barcha rivojlangan davlatlar kabi qonun ustuvorligini ta’minlash asosiy vazifa va maqsadimiz ham shu. Zero, qachonki, qonun ustuvorligi ta’minlangan taqdirdagina xalq tinch va osoyishta yashaydi. Maqsad qilib qo‘yilgan demokratik o‘zgarishlarning hammasiga erishiladi.
Konstitutsiya nima uchun yangi tahrirda qabul qilindi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Konstitutsiyani qabul qilingan vaqtda va unga qadar juda ko‘p savol-javoblar bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Bu jarayonda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi hamda Senat a’zolari juda faol qatnashdi.
Konstitutsiya loyihasi matbuotda e’lon qilinganidan keyin xalqimizning qiziqishi biz o‘ylagandan ko‘ra yuqoriroq darajada bo‘ldi. 220 mingdan ortiq taklif va fikrlar bildirildi. Har bir taklif juda katta e’tibor bilan o‘rganildi.
Aytib o‘tish kerakki, xalqimizning bu faolligi kelajak hayot Konstitutsiya bilan bog‘liq ekanini yaxshi tushunib yetgani tufayli bo‘ldi. Keyingi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, birinchi navbatda, xalqimizning dunyoqarashi, siyosiy baho berishi o‘zgarganida yaqqol ko‘zga tashlandi.
Konstitutsiyani tayyorlash jarayonida dunyoning juda ko‘p rivojlangan davlatlarining konstitutsiyalari o‘rganildi. Olimlarimiz, mutaxassislarimiz chet ellarga borib, ko‘plab muhokamalarni amalga oshirdi. Shuning uchun ham Konstitutsiyamiz juda ko‘p xalqaro huquq normalari talablariga javob beradigan darajada ekspertizadan o‘tkazildi.
Xulosa qilib aytganda, ekspertiza xulosalariga asosan demokratik rivojlanishda ketayotgan davlatning haqiqiy Konstitutsiyasi, deb e’tirof etildi. Nafaqat bugungi kun, balki uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik talabga javob beradigan Konstitutsiya, deb tan olindi.
Konstitutsiya loyihasini Qonunchilik palatasi va Senat navbati bilan ko‘rib chiqib, qabul qilish vakolati bor edi. Lekin, shunga qaramasdan, yuqorida aytib o‘tilganidek, aholidan 220 mingdan ortiq taklif tushgani uchun Prezidentimiz uni Xalq Konstitutsiyasi qilaylik, degan fikrni bildirdi.
Bu komissiya a’zolari tomonidan juda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Chunki haqiqatda Konstitutsiyada xalqimizning fikri, talabi, iltimosi, ba’zi e’tirozlari ham hisobga olindi.
Shuning uchun ham tariximizda birinchi marta referendum o‘tkazish yo‘li bilan, xalqning bergan ovozi bilan Konstitutsiya qabul qilindi.
Konstitutsiyaga bevosita to‘xtaladigan bo‘lsak, u 6 bo‘lim, 27 bob, 155 moddadan iborat. Har bir bobida davlatimizning, xalqimizning, jamiyatimizning hayoti qanday olib borilishi, talab va majburiyatlar aniq belgilab berildi.
Shuni faxr bilan aytish mumkinki, Konstitutsiyamizning 1-moddasida mazkur hujjat mohiyati aniq ochib berilgan. Ya’ni, O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilangan. Mana shu beshta qoida asosida O‘zbekistonning qanday davlat ekanini aniq bilish mumkin.
Ya’ni, mustaqil davlat degani, qo‘riqlanadigan, qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan haqiqiy chegarasi bor davlatdir. Demokratik davlat deganda esa, ochiqlik ta’minlangan, rivojlanayotgan jamiyatimizni ayta olamiz. Bu nafaqat xalqimiz, balki dunyoda e’tirof etilmoqda. Keyingi paytda O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida qilinayotgan ishlarni tan olmagan davlatning o‘zi qolmadi, menimcha.
Qaysi davlatga borsak, O‘zbekistondanmiz, desak, sizlardagi o‘zgarishlarni ko‘rib biz havas qilyapmiz, degan fikrlarni eshityapmiz.
Ayniqsa, qo‘shnilar bilan bordi-keldi munosabatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, nafaqat ilgari bekitilgan chegara bojxona postlari, balki yangi qo‘shimcha postlar ochilgani qardosh xalqlarni juda mamnun qildi. O‘zbekistonda bo‘layotgan boshqa o‘zgarishlar, fuqaroligi yo‘q shaxslarga fuqarolik berilishi ham ulkan voqelik bo‘ldi. Bularning barcha demokratik o‘zgarishlar, Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.
Alohida e’tirof etish kerakki, O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligi Bosh qomusimizda belgilandi. Aslida Konstitutsiyaning asosi va poydevori ham huquqdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshqa davlatlarning Konstitutsiyalarida umuman bo‘lmagan holatlar bizning Konstitutsiyamizga kiritildi. Bunga dunyoning rivojlangan davlatlari mutaxassislari ham nihoyatda yuqori baho berdi.
– Huquq haqida to‘xtaldingiz, bu yo‘nalishda Bosh qomusimizda ko‘zda tutilgan inson huquqlariga xizmat qiluvchi, dunyodagi boshqa Konstitutsiyalardan farq qiluvchi jihatlar qaysilar?
– Konstitutsiyada yuqorida aytilganidek, O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligi mustahkamlandi. Bu juda keng ma’no va qamrovga ega. O‘zbekistonda qilingan va kelajakda qilinadigan ishlarning strategiyasi belgilab berildi.
Konstitutsiyani qabul qilishdan oldin har bir sohada chuqur tahlil qilish ishlari olib borildi. Shu asosda kelajakda amalga oshiriladigan ishlar belgilandi.
Bu ishlarning qamrovi kengligi uchun ularning faqat ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Boshqa mamlakatlar Konstitutsiyasida bo‘lmagan ijobiy holatlar Bosh Qomusimizda aks etdi. Bulardan bittasi – o‘lim jazosining bekor qilingani Konstitutsiyada o‘g‘z ifodasinpi topganidir.
Boshqa davlatlarda bunday me’yor agar mavjud bo‘lsa, faqat jinoyat huquqiga oid qonunlarda ko‘rsatilgan.
Nima uchun bizda bu Bosh qomusda aks etganini Konstitutsiya komissiyasi yig‘ilishlarida aytib o‘tilgan. Shunday yig‘ilishlardan birida Davlatimiz rahbari shaxsan o‘zi qatnashib, insonga hayotni Olloh berishi, uni olishni ham O‘zining ixtiyorida qoldirish va bunga aralashmaslik kerakligi qayd etildi.
Buning zamirida juda chuqur ma’no yotibdi. Haqiqatan, isnonning joniga suiqasd qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar shaxs birorta jinoyat sodir qilsa, u faqat sud oldida javob berishi kerak. Sud uni aybli deb topgan taqdirda qonun bo‘yicha jazo berilishi joiz.
Yaqinda Oliy sud tomonidan oqlov bo‘yicha yangi ishlar ko‘rib chiqildi. Buyuk adib Abdulla Qodiriy oradan yuz o‘tgach oqlandi, deb ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
O‘sha vaqtlarda juda ko‘p ziyolilarimiz, bobo va momolarimiz nohaq javobgarlikka tortilgan. Prezidentimiz rahbarligida qilingan tahlil ishlarida, arxivlarni o‘rganish natijasida hech qanday asossiz, yetarli sabab bo‘lmasa ham qatl qilinganlar borligi aniqlandi.
Sir emaski, ilgari sudda oqlov hukmi chiqqanini juda kam eshitar edik. Sudda oqlanadiganlar sanoqligina bo‘lar edi.
Keyingi yillarda, 2016 yildan 2022 yilgacha esa sud organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlari natijasida 4 ming 740 nafar shaxs oqlangan.
Bundan tashqari, eng asosiy narsa – bu sudda dalilga baho berish. Bir shaxsni aybdor deb topish uchun sud xolis bir nechta dalilni isbot qilgan taqdirda, amaldagi qonunga va o‘zining ishonchiga asoslanib hukm chiqarishi kerak bo‘ladi. Qonun talabi shu.
Endi shunday holatlar bo‘lganki, tarixda faqatgina o‘zi tan olgan ayb bo‘yicha ajdodlarimiz jazoga tortilgan.
Bugungi kunda ham o‘zgani saqlab qolish uchun o‘zini aybli deb topishni so‘raydigan, ya’ni noto‘g‘ri ko‘rsatma beradiganlar uchrab turadi. Mana shunday holatlar bo‘yicha Konstitutsiyaga tegishli modda kiritilib, agar ayblanuvchining aybini tan olishdan boshqa dalil bo‘lmasa, bu uni ayblash uchun dalil hisoblanmasligi aniq yozib qo‘yildi.
Bunday qoida ham boshqa davlatlar qonunlarida bo‘lishi mumkin, lekin Konstitutsiyalarida mavjud emas.
Bunday tashqari, yana shunday holat borki, yaqin qarindoshlari sudlanganlar davlat tashkilotlariga ishga qabul qilinmas edi.
Yangilangan Konstitutsiyada esa bunga butunlay chek qo‘yildi, ya’ni bir shaxsning sudlangani uning yaqinlariga ta’sir qilmaydi. Chindan ham, kimdir jinoyat sodir qilsa, uning yaqinlari u bilan birga jinoyat sodir qilmaganku? Shunday ekan, nima uchun ular buning jabrini chekishi kerak?
Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday holatlarga qomusiy asosda chek qo‘yildi. Buni va Konstitutsiyada muhrlangan inson huquqlari himoyasiga qaratilgan kafolatlarni xalqimiz katta mamnuniyat bilan qabul qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H5upPvzBC6M" title="Qutbiddin Burhonov: O‘zbekistondagi muhim o‘zgarishlarni tan olmagan davlat qolmadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari