Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi yanada obod bo‘ladi
11:20 / 2022-01-29

Qadim va boy tarixga ega O‘zbekistonda muqaddas ziyoratgoh va madaniy yodgorliklar juda ko‘p.

Ular milliy qadriyatlarimiz namunasi, xalqimizning bebaho mulki hisoblanadi. Qolaversa, yurtimizdagi yuzlab ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida jahon ahlini lol etib keladi. Shu bois, ularni o‘rganish, muhofaza qilish, tiklash, obodonlashtirish, kelajak avlodga bus-butun yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor qishlog‘ida Qutayba ibn Muslim (r.a.) nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va maqbara bor. Tarixchi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashhur bo‘lib, “Raboti saroxang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar» deb yozilgan. 

Qilichmozor qishlog‘idagi Qutayba ibn Muslim (r.a.) maqbarasi ustiga o‘rnatilgan toshga shunday bitiklar yozilgan: «Va ul odamlarki, Alloh yo‘lida o‘ldirildilar, alarni o‘liklar deb gumon qilmagin. Balki alar tirikdurlar. Parvardigorlarin qoshida alarg‘a rizq berilur». Oli Imron surasi, 169-oyat. Turli tarixiy manbalarda keltirilgan rivoyatlarga ko‘ra, butun Movarounnahrni bo‘ysundirgan Qutayba ibn Muslim (r.a.) Farg‘onaning Raboti Sarhang degan joyida otashparast shohlardan Ku Lunj askarlari zarbasiga dosh bera olmay to‘xtab qoladi. Mustahkam qo‘rg‘onni qamal qilib ham dushmanni yenga olmaydi. Islom sarkardasi tunu kun ibodat qilib, namozlarida Allohdan sinoat ko‘rsatishini so‘rab duo qiladi. 

Yaratganning qudrati ila mo‘’jiza yuz beradi.Otashparastlar shohining qizi malika Sulton begim qalbini ochadi. Qiz tushida ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan oqsoqolning da’vati ila imon keltiradi. Muslima Sulton begim iymon keltirar ekan Alloh yo‘lida mislsiz jasorat ko‘rsatadi. O‘z otasi, o‘z e’tiqodiga qarshi chiqib, musulmonlarga g‘alaba olib keluvchi yagona yo‘l - qal’aga ichimlik suvi keluvchi yashirin suv yo‘lini ko‘rsatib beradi. Suv berkitiladi. Suvsizlikdan otashparastlar taslim bo‘ladi. Qutayba (r.a) iymon keltirib, o‘z xalqini islomga da’vat etgan malikaga uylanadi va uchta farzand ko‘radi. 

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (r.a.) (660 - 715) yirik islom fotihlaridan bo‘lib, harbiy sarkarda, tajribali lashkarboshi edi. Milodiy 706 yilda xalifa Yusuf Hajjoj Abdumalik ibn Marvon farmoni bilan Xuroson amiri lavozimiga tayinlangan va unga Movarounnahrni math etish vazifasi yuklatilgan. Qutayba (r.a.) 706-713 yillarda to‘liq g‘alaba qilib, o‘lkaga islom dinini olib kirdi va uni mustahkamligi uchun ulkan zamin yaratdi. Yusuf Hajjoj vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Sulaymon ibn Abdulmalik taxt talashib Qutayba (r.a.) qo‘shini orasida isyon uyushtiradi. Lashkarboshisi Vakiʼ ibn Xassan sarkardani qatl etadi. Qatl etilgan sarkarda yaqinlari va farzandlari bilan Farg‘ona vodiysidagi qishloqlardan biriga dafn etiladi. 

Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Qutayba (r.a.) dafn etilgan joyni muqaddas bilib, buyuk islom sarkardasining qabri ustiga Samarqanddan me’mor jo‘natib, ko‘rkam va mahobatli maqbara qurdirgan. Bu maqbara 1935 – 1936 yillarda dahriylar tomonidan buzib tashlangan. 1975 - 1978 yillarda Andijon viloyati birinchi rahbari bo‘lib ishlagan Bektosh Rahimov tashabbusi bilan maqbara milliy me’morchilik an’analari asosida qayta qurilgan. Ikki xonali maqbaraning asosiy xonasi tashqaridan kvadrat asosida bo‘lib, ichkarisi sakkiz burchakli, tomonlari chuqur mehrobsimon ravoqlar bilan ko‘tarilib, diametri 5,5 metrli gumbaz bilan yopilgan, gumbaz o‘rtasida esa qabr joylashgan bo‘lib, maqbara g‘arbidagi dahliz ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan edi. Qutayba ibn Muslim (r.a.) dafn qilingan mazkur joy haqida tarixchi Narshaxiy, XVI asr muarrixi Jamol Qarshiy, akademik V.V.Bartold asarlarida ham turli ma’lumotlar keltirilgan.

bugungi kunga kelib ushbu maskan ziyoratgohga aylandi. Islom tarixi sahifalaridan munosib o‘rin olgan ulug‘ zot nomi bilan ataluvchi mazkur ziyoratgoh 2006 yilda tarixiy va madaniy meros ob’ekti, ziyoratgoh sifatida davlat muhofazasiga olingan.

– Keyingi yillarda viloyat, tuman hokimliklari, saxiy insonlar ko‘magida ziyoratgohni kengaytirish, obodonlashtirish borasida katta hajmdagi qurilish ishlari olib borilmoqda, –  deydi ziyoratgoh mutasaddisi Saidabbosxon Saydullayev. – Ayni kunlarda qurilish ishlar qizg‘in davom etmoqda. Nasib etsa, ziyoratgoh butunlay yangicha qiyofaga ega bo‘ladi, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Maxsus loyiha asosida majmua sifatida barpo etilayotgan ziyoratgoh hududida 2 qavatli uch ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, aylanasiga muzey, kutubxona va ziyoratchilar uchun alohida xonalar qurilmoqda. Majmua o‘rtasida joylashgan qabr ustiga balandligi 20 metr bo‘lgan gumbaz, gumbazning to‘rt tomonida ziyoratchilar uchun o‘ziga xos ko‘rinishga ega naveslar, maqbaradan uncha uzoq bo‘lmagan joyga favvora qurilmoqda. 

– Andijon – Xonobod avtomagistral yo‘lidan ziyoratgohga olib keluvchi qariyb 1 kilometrli katta yo‘l chiqarilib, yo‘l chetlariga 500 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi, – deydi Jalaquduq tumani hokimi Hikmatillo Latipov. – Yaqin yillar ichida Qutayba ibn Muslim (r.a.) ziyoratgohi mehmonlar va ziyoratchilar bilan gavjum yanada obod maskanga aylanadi. Bugun ziyoratgohda olib borilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlarida Jalaquduq tumanidagi korxona, tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qo‘yingki, juda ko‘p saxovatpesha insonlar yaqindan yordam bermoqda. 

Qutayba ibn Muslim (r.a.) ziyoratgohiga nafaqat yurtimizdan, balki yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan ham mehmonlar, sayyohlar tez-tez kelib turadi. Ziyoratgohni obod maskanga aylanishi, ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar shubhasiz, bu yerga keluvchi turist va ziyoratchilar oqimini yanada ko‘paytiradi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida qadim tariximizga, yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ulug‘ zotlarga bo‘lgan hurmat, yurtdan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Ziyoratgohdagi asosiy qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari joriy yilning oxiriga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

[gallery-5588]

Faxriddin UBAYDULLAEV, 
Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA