Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qushlarning ko‘chishi – muhim jarayon
20:42 / 2025-05-15

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida Butunjahon ko‘chmanchi qushlar kuni va Ekologik ta’lim kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda tabiat va hayvonot olami, ayniqsa, ko‘chmanchi qushlarni muhofaza qilish masalalari muhokama etildi.

– O‘zbekiston har yili bahor va kuz fasllarida millionlab ko‘chmanchi qushlar uchun tranzit hudud hisoblanadi, – dedi tadbir ishtirokchisi, boshqarma mutaxassisi Husan Qurolov. – Mamlakatimiz hududidan 280 ga yaqin turdagi qushlar, jumladan, oq g‘ozlar, pelikanlar va flamingolar o‘tadi. Ular Markaziy Osiyo, Sibir, Hind okeani sohillari va Afrika yo‘nalishidagi tabiiy ko‘chish yo‘lida yurtimizda to‘xtab, dam olishadi. Bu holat biologik xilma-xillik va ekotizim barqarorligi uchun juda muhim.

“Vaqt o‘tishi bilan qushlar va odamlarning ko‘chishi” mavzusidagi mazkur tadbirda inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, ekotizimlar muvozanati hamda global migratsiya jarayonlarining o‘zaro ta’siriga e’tibor qaratildi.

– Insonlar kabi qushlar ham yashash uchun qulay muhit izlaydi – bu tabiiy jarayon. Ammo qurilish, ifloslanish, o‘rmon va botqoqzorlarning qisqarishi kabi antropogen ta’sirlar bu jarayonga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, – deya ta’kidladi mutaxassis.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchiligi haqida ham ma’lumotlar berildi. Ekologlar "Qizil kitob"ga kiritilgan qushlar, ularni ovlash yoki yashash muhitiga ziyon yetkazish holatlari qonun bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidlashdi.

Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblar tarzida o‘tgan ushbu tadbir o‘quvchilar uchun nafaqat bilim manbai, balki ekologik mas’uliyatni anglashga xizmat qiladigan muhim uchrashuv bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri