Guliston shahar madaniyat va istirohat bog‘ida 1 aprel –Xalqaro qushlar kuni munosabati bilan Tabiat resurslari vazirligi tomonidan “Qushlarni asraylik” tanlovi va “Eng yaxshi innovatsion qush uyasi” loyihasining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tabiat va qushlar olamiga qiziquvchi viloyatning 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 100 dan ziyod o‘quvchi-yoshlari, talabalar ishtirok etdi.
– Qushlar tabiatning ajralmas bir qismi bo‘lib, ular bizning do‘stlarimizdir, – dedi Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tagayev. – Ayniqsa, qanotli do‘stlarimiz zararli hashorotlarga qiron keltirib,odamzodga, qishloq xo‘jaligi sohasiga katta foyda keltiradi. Kelinglar aziz bolalar, biz bugun qanotli do‘stlarimizga in yasab beraylik. Sizlar yasagan bu qush uyalari ularga mustahkam "boshpana" bo‘ladi.
Tanlov ishtirokchilariga yog‘och, faner, mix, bo‘yoq kabi kerakli ashyolar, ish qurollari berildi.Tez orada maydonda ishtirokchilar tomonidan yasalgan yuzlab qush uyalari "bo‘y" ko‘rsata boshladi. Tanlovda qush uyalarini yasashda ishtirokchilarning innovatsion va kreativ g‘oyalari asosida ishlashi hakamlar hay’ati tomonidan kuzatilib, baholanib borildi.
Tanlov g‘oliblari va barcha ishtirokchilar Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. O‘nlab qush uyalari shu onning o‘zida mutassaddilar tomonidan istirohat bog‘idagi daraxtlarga o‘rnatildi.
– Nabiramni istirohat bog‘iga aylantirishga olib kelib, bu yerda ajoyib tadbirning ustidan chiqib qoldim, – deydi gulistonlik mehnat fahriysi I.Komilov. – Bunday tadbirlar yosh avlodni ona tabiatga, qushlarga bo‘lgan mehrini oshirishga xizmat qiladi. Chunki tabiatimizni asrab-avaylash har bir yurtdoshimizning muqaddas burchidir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri