Har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan buxorolik soha xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Buxoroda joriy yil davlat dasturlari doirasida 2,9 trillion so‘mlik 817 ta ob’ektlar barpo etilmoqda. Buning natijasida yil yakuniga qadar 176 ta maktab, 7 ta ijod maktabi, 77 ta bog‘cha, 70 ta tibbiyot, 38 ta ichimlik suv va oqova ob’ektlari, 120 ta ko‘prik va yo‘l hamda 329 ta boshqa turdagi ob’ektlar foydalanishga topshiriladi.

Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Oxirgi sakkiz yarim yilda jami 24 ming 500 ta xonadondan iborat 715 ta uy-joylar barpo etilgan. Sohada “yashil” standartlar, energiyani tejaydigan yangi texnologiyalar faol qo‘llanilmoqda.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib qurilish sohasining bir guruh vakillariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari va qimmatbaho sovg‘alari tantanali topshirildi.
Tadbir konsert dasturi bilan davom etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.