Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazma majmuasida “Qurilish texnikalari, texnologiyalari va materiallari sanoat yarmarkasi – “BUILD PRO EXPO-2023” ko‘rgazmasi ochildi.
22-24 noyabr kunlari o‘tishi rejalashtirilgan ko‘rgazmada mamlakatimizda hamda Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondagi qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan yuzdan ortiq korxona o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, qurilish texnikalari, konstruksiyalari, asbob-uskunalar, landshaft va ko‘kalamzorlashtirish, arxitektura va dizayn sohasidagi ilmiy ishlanma va startaplar taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
– Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda 2020 yilda 80 trillion so‘mlik, 2021 yilda 88 trillion so‘mlik, 2022 yilda 110 trillion so‘mlik va joriy yilning o‘tgan 10 oyida 130 trillion so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan, – deydi Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi N.Ibragimov. – Viloyatimizda ham qurilish ob’ektlari soni va hajmi yil sayin oshib bormoqda. Shu bilan birga qurilishda zamonaviy arxitektura va dizayn ishlanmalarini qo‘llash, yuqori sifatli, energiya tejamkor materiallardan foydalanish va boshqa ko‘plab boshqa yangiliklar joriy etilmoqda. Mazkur ko‘rgazma sohadagi shu kabi yangilik va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish, quruvchilarning bir-birlari bilan o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratish hamda tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. E’tiborlisi, bu yilgi ko‘rgazmada o‘zimizning quruvchi va tadbirkorlar bilan birga xorijdagi qurilish tashkilotlari va yetakchi kompaniyalar ham ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada qurilish tashkilotlari, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarning taqdimotlari bilan birga biznes uchrashuvlar, seminar va konferensiyalar ham o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Bozor tendensiyalari, pudratchi va mijoz o‘rtasidagi munosabatlar”, “Qurilish va xavfsizlik: ishchilarga g‘amxo‘rlik” mavzularida konferensiyalar o‘tkazildi. Yangi binolarni izolyatsiyalashga bag‘ishlangan seminarda esa ayni paytda bu borada qo‘llanilayotgan qurilish materiallari, ularning afzalliklari haqida so‘z yuritildi.
Soha korxonalari vakillari binolar tashqi qismini bazalt qoplamasi yordamida issiq va sovuqdan saqlash, pishiq tola tayyorlash kabi bir qancha yo‘nalishlardagi mahsulotlar bilan qiziqdi.
[gallery-14726]
– 2015 yilda faoliyat boshlagan korxonamiz Jizzax viloyati Forish tumanidagi Osmonsoy konidan bazalt toshini qazib olib, qayta ishlovchi Markaziy Osiyodagi yagona va jahondagi sanoqli korxonalardan biri hisoblanadi, – deydi “Bazalt” O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi dilerlik markazi xodimi Rustam Rasulmetov. – Bu tosh olti bosqichda qazib olinib, undan qurilish sohasidagi yarim tayyor mahsulotlar, kompozit materiallar, bazalt tosh plitalari, bazalt armaturasi, yo‘l va bino-inshootlar qurilishida foydalanish uchun metallning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi. Yana beton aralashmasiga qo‘shilib, yoriqlarning oldini olish va mustahkamlikni oshiruvchi mahsulotlar ham ishlab chiqariladi. Ayni paytda bazalt mahsulotlariga jahon bozorida talab yuqori. Shu bois mahsulotlarimiz respublikamizdan tashqari Osiyo, Yevropa davlatlari va AQSHga ham eskport qilinmoqda. Ko‘rgazmada bir necha qurilish korxonalari hamkorlikda ishlash taklifini bildirmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari