Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Quruvchi majburiyatini bajarmadi, endi penya to‘laydi
18:46 / 2022-08-12

Samarqand shahrida yashovchi fuqaro N.M. Samarqand shahar “Obod maskan” mahallasida quriladigan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon olish maqsadida “Kapital qurilish direksiyasi” davlat korxonasiga murojaat qiladi. 2020 yil 26 oktyabrda korxona va fuqaro N.M. o‘rtasida 75-sonli qiymati 230.250.000 so‘m bo‘lgan shartnoma tuzilgan. Shartnomaga ko‘ra, “Obod maskan” mahallasida quriladigan ko‘p qavatli uy-joyning 1-uy, 2-yo‘lak, 5-qavatidan 2 xonali 61,40 kv.metr bo‘lgan 34-xonadonni 1 kv. metrini 3 750 000 so‘mdan bo‘lib to‘lash sharti bilan qurib berilishi belgilangan.

Shuningdek, fuqaro shartnoma shartlariga binoan ushbu xonadon uchun oldindan shartnoma qiymatining 50 foizi, 115.125.000 so‘mni 3 kun muddat ichida korxonaga to‘lab berish, pulning qolgan qismini to‘lov jadvaliga asosan har oyda bo‘lib to‘lab berish va korxona esa 60 bank kunida uy-joyni qurib N.M.ga topshirish majburiyatini olgan. Fuqaro N.M. shartnoma shartlarini bajarib, korxona hisob-raqamiga jami 153.421.000 so‘m pul mablag‘larni to‘lab bergan bo‘lsa-da, korxona 2020 yildan buyon shartnoma shartlarini bajarmay, uy-joyning topshirilishini kechiktirib kelgan. Oqibatda taraflar o‘rtasida shartnoma shartlaridan kelib chiqib 41,4 million so‘m penya hisoblangan.

Fuqaro Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga buzilgan haq-huquqlarini tiklash, ushbu muammoni hal etishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaatga ko‘ra, Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Kapital qurilish direksiyasi” davlat korxonasi va fuqaro N.M. o‘rtasida 2020 yil 26 oktyabrda tuzilgan 75-sonli shartnomani bir tomonlama bekor qilish va oldindan to‘langan to‘lovlar hamda penya undirish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza kiritdi.

Sudda korxona vakili A.R. o‘z ko‘rsatmasida da’voni qisman tan olib, Samarqand shahar hokimining 2020 yil 24 martdagi 140-Q-sonli qaroriga asosan direksiyaga Samarqand shahar Qorasuv massivi hududidan zamonaviy loyiha hujjatlari asosida jami 5 ta ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurishga ruxsat berilganini ma’lum qilgan. Biroq shahar hokimining ushbu qarori ma’muriy sudning 2022 yil 10 iyundagi hal qiluv qaroriga ko‘ra bekor qilingani tufayli korxona fuqarolarga uyni vaqtida topshira olmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, shartnomada uyni topshirish muddati ko‘rsatilmaganligi va fuqaro N.M. to‘lovlarni amalga oshirmay qo‘yganligini iddao qilgan.

Shartnomada uyni topshirish muddati ko‘rsatilmaganligining o‘zi shartnoma korxona foydasiga tuzilganligining isboti emasmi? Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 635-moddasida pudrat shartnomasida ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi muddatlari ko‘rsatilishi alohida belgilangan. Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, shartnomada ishning ayrim bosqichlarini tugallash muddatlari (oraliq muddatlar) ham nazarda tutilishi mumkin. Qolaversa, ushbu moddada pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi, shuningdek, oraliq muddatlarini buzganlik uchun javobgar bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Agar “Kapital qurilish direksiyasi” davlat korxonasiga yer ajratish haqidagi Samarqand shahar hokimining 2020 yildagi qarori 2022 yilning yarmiga kelib bekor qilinishi oqibatida uyni to‘liq qurib, foydalanishga topshirish muammo bo‘lgan bo‘lsa, shu paytgacha korxona nima qilgan? Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi, deganlari shu bo‘lsa kerak? Fuqarolarning pulini o‘zlashtirib, uyni o‘z vaqtida topshirish o‘rniga, bunday bahonalar bilan suvdan quruq chiqishga urinish, qonunlarni ochiqchasiga oyoqosti qilishdir.

Qonunchilikka ko‘ra, majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa — qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasida alohida belgilangan.

Xususan, mazkur kodeksning 236-moddasida majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerakligi belgilangan. Bundan tashqari, kodeksning 631-moddasiga asosan, pudrat shartnomasi bo‘yicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirig‘iga binoan ma’lum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi. Buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq to‘lash majburiyatini oladi.

Sud mazkur ishni atroflicha ko‘rib chiqib, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan javobgar “Kapital qurilish direksiyasi” davlat korxonasi o‘z majburiyatlarini bajarmagan, deb topdi. Xususan, fuqaro N.M.ning foydasiga jami 153.421.000 so‘m qarzdorlik hamda 41.400.000 penya, jami 194.821.840 so‘m undirish haqida qaror chiqardi.

Shuningdek, “Kapital qurilish direksiyasi” davlat korxonasidan davlat foydasiga 7.792.840 so‘m miqdorida davlat boji undiriladigan bo‘ldi.

M.Hasanov,

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi yetakchi maslahatchisi

O‘zA