Quroqchilik milliy hunarmandchiligimizning betakror turlaridan biri bo‘lib, turli xil matolardan mayda bo‘laklar kesib olinadi va bir-biriga ulab tikiladi. Quroq kiyimlar va buyumlarni bezashda hamda ro‘zg‘or bezak buyumlarini tayyorlashda ota-bobolarimiz davridan beri qo‘llanib keladi.
Bugungi kunda ham davlatimiz rahbarining 2023 yil 12 iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, «Hunarmand» uyushmasi tomonidan bu sohaning har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirishga, ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini, jumladan, quroqchilikni saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtimizda qo‘lida hunari bor tadbirkor xotin-qizlarimiz borki, ularga katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Shu soha vakillari quroqdan ko‘rpa, ko‘rpacha, choyshab, dasturxon, gilam va boshqa jihozlarni tikmoqda. Hatto, kashtachilik yo‘nalishi ham quroqchilik bilan uyg‘unlashtirilib, so‘zanalarda ajoyib san’at namunalari yaratilmoqda.
Toshkent shahri Yangihayot tumanida yashovchi Tursunoy opa Toshpo‘latova ham 50 yildirki quroq tikib keladi. Kasbining ortidan daromad topib, 3 nafar farzandini oq yuvib, oq tarab ulg‘aytirdi, o‘qitib, oliy ma’lumotli qildi.

– Quroqchilik menga momomeros kasb hisoblanadi, – deydi Tursunoy opa. – Buvimning, onamning bir-biridan bejirim quroqlar tikishlarini ko‘rib ulg‘aydim. Mening ham bu hunarga mehrim tushdi. Yillar davomida kasbimni puxta egallashga, zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirishga harakat qildim. Prezidentimizning farmonlaridan keyin quroqchilik yana jonlandi va bundan ko‘nglim yorishdi. Pandemiya davrida davlatimiz rahbari bilan ko‘rishganimda mehnatim namunalarini ko‘rib, yuksak baho berdilar. Quroqchilikni qayta tiklash kerakligini aytdilar. Bundan ruhlanib, quroqchilikni rivojlantirishga qattiq kirishdim. Mana 4-5 yildirki, ijodiy ishlarim bilan xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashib kelyapman.
Tursunoy opa hayoti va faoliyatini shu madaniy merosni saqlash, qayta tiklash, uni umumjahon madaniy merosining bir qismi sifatida dunyoga mashhur qilishga bag‘ishlayotir. U kasbi yuzasidan Rossiya, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarda ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. O‘z bilimi va tajribalarini bo‘lishish maqsadida xorijiy davlatlarning universitetlarida quroqchilik bo‘yicha yosh hunarmandlarga dars berdi. Bugungi kunda 50 dan ortiq shogirdlarning ustozi sanaladi.

– Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida tikuvchilik sexi ochib, o‘nga yaqin ish o‘rni yaratdim. Hozir yurtimiz aholisining talab va ehtiyojidan kelib chiqib milliy liboslar, ko‘rpa-to‘shak tikamiz. Bizning ishimizga xorijliklar ham qiziqish bildirib, tikkan liboslarimizni xarid qilib, O‘zbekiston hunarmandchiligi namunasi sifatida o‘z yurtlariga olib ketadi. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, quroqchilik kasbi qadimda qanchalik e’zozlangan bo‘lsa, bugun ham xuddi shunday ardoqli. Bu hunarni egallagan ayol oilasi, farzandlari tarbiyasidan ajralib qolmaydi, uydan chiqmagan holda kuniga 4-5 soat vaqt ajratsa, yaxshigina daromad topadi. Shu bois, qizlarimiz, kelinlarimiz orasida bu sohaga qiziqish katta. Qizim Navro‘zaxon menga havas qilib dizaynerlik kasbini tanladi. Hozirda quroqdan nima tiksam yoki nimaga bezak beradigan bo‘lsam u bilan maslahatlashaman. Quroqlarimiz ayniqsa, kelinchaklarimizning sepini bezamoqda.

O‘zbek ayoli xohlasa, unga 40 hunar ham oz. Qahramonimiz ham quroqchilik bilan birgalikda hisobchi, tikuvchi va oshpazlik kasblarini ham boshini tutgan.
Darhaqiqat, quroqchilik nafaqat milliy merosimizning ajralmas qismi, balki iqtisodiy jihatdan daromadli, ijtimoiy ahamiyatga ega hunarga aylanmoqda. Davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar, hunarmandlarga berilayotgan imkoniyatlar natijasida bu soha yanada rivojlanmoqda.

Guvohi bo‘lganimizdek, Tursunoy opa Toshpo‘latova kabi chevarlar o‘z mehnati va tashabbusi bilan nafaqat oilasiga, balki jamiyatga ham manfaat keltirmoqda. Quroqchilik ayollarning o‘zini o‘zi band qilishda, milliy qadriyatlarimizni saqlashda va kelajak avlodga yetkazishda muhim vositadir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA