Mamlakatimizda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari noqonuniy muomalasining oldini olish, ularni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslarni taqdirlash tizimini takomillashtirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy mexanizmlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilib, o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda.
Jumladan, 2025 yil 25 martda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Ro‘yxatga olinmagan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 2023 yil 25 iyuldagi 310-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tegishli nizomga o‘qotar bo‘lmagan (pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish va o‘zini o‘zi himoya qilish) qurol turlariga doir tushunchalar kiritildi.
Ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilingan o‘qotar qurol va uning patronlarini kriminalistik hamda markazlashgan axborot-qidiruv tizimlari orqali o‘rganish va dastlabki tekshiruvlarni tashkil etish mexanizmini o‘qotar bo‘lmagan qurol turlariga tatbiq etish belgilandi.
O‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun pul mukofoti bilan taqdirlash amaliyoti joriy etildi.
– Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va asosiy qismlarni topshirayotgan shaxslar bor, – dedi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati xodimi Suxrob Shomansurov. – Masalan, Andijon shahar “Yorboshi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan fuqaro M.S. Andijon shahar Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi qarz olganini, evaziga esa hech qanday hujjati bo‘lmagan “Baikal” MR-512 rusumli pnevmatik qurolni garov sifatida berib ketganini ma’lum qilib, uni ixtiyoriy ravishda topshirgan.
Toshkent shahar Chilonzor tumani Do‘mbirobod mahallasida yashovchi fuqaro A.K. Zangiota tumanidagi dala hovlida eski binoni buzayotgan vaqtida tom qismidan jigarrang qopga o‘ralgan, bir dona IJ-18 rusumli, 1 stvolli, 16 kalibrli ov qurolini topib olgan. U qurolni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organiga topshirgan.
2025 yil davomida 2000 nafardan ortiq fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra 2012 dona o‘qotar qurolni topshirgan. 2026 yilda esa 187 nafar fuqaro 104 ov quroli hamda qurolning asosiy qismlarini ichki ishlar organiga topshirgan. Topshirilgan qurollar qiymati va holatiga qarab, uni topshirgan shaxslarga pul mukofotlari berilgan.
N.Abduraimova, O‘zA