Bugungi tinch-osoyishta hayotimiz hamda mamlakatimizning barqaror ravishda rivojlanib borishida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimi muhim o‘rin tutadi. Qurolli Kuchlarimiz bo‘lim va qismlari davlatimizning milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch-osuda hayotini himoya qilishda kechayu kunduz tinimsiz xizmmat qilib kelmoqda.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan natijalar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozim Tojiyev O‘zA muxbiriga batafsil so‘zlab berdi:
— Bugungi kunda dunyoda kechayotgan geosiyosiy ziddiyatlar, global beqarorlik va harbiy tahdidlarning shakli o‘zgarib borayotgan sharoitda har bir davlat o‘z milliy xavfsizlik tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borishi tabiiy zaruratga aylandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini rivojlantirish, uni zamonaviy tahdidlarga mos, harakatchan va yuqori texnologik tuzilmaga aylantirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Qurolli Kuchlarimiz bugun nafaqat mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligining kafolati, balki xalqimizning milliy g‘ururi, vatanparvarlik ruhi va davlat qudratining amaliy ifodasiga aylandi. Armiyaga bo‘lgan ishonch va e’tiborning oshishi, “Armiya va xalq — bir tanu bir jon” tamoyilining hayotga tatbiq etilishi mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim natijalaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar kompleks, tizimli va maqsadli xarakter kasb etdi. Avvalo, Qurolli Kuchlarni boshqarishning institutsional va funksional asoslari qayta ko‘rib chiqilib, qo‘shinlar tuzilmasi zamonaviy harbiy nizolar tajribasi, gibrid tahdidlar xususiyati hamda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda optimallashtirildi.
Qo‘shinlarni boshqarishda strategik va operativ darajalarda markazlashgan qo‘mondonlik prinsiplari joriy etilib, tezkor qaror qabul qilish, qo‘shinlar harakatini muvofiqlashtirish va jangovar vazifalarni samarali ijro etishga qaratilgan zamonaviy boshqaruv mexanizmlari shakllantirildi. Bu islohotlar keskin o‘zgaruvchi operativ sharoitda va yuqori harakatchan muhitda qo‘shinlarning o‘z vaqtida hamda samarali javob qaytarish qobiliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ham o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi. Qurolli Kuchlar tarkibiga yangi avlod harbiy texnikasi, yuqori aniqlikdagi qurol tizimlari, razvedka va kuzatuv vositalari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash davlat mudofaa siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralib, ulardan foydalanish taktikasi, xizmat ko‘rsatish va qo‘shin tizimiga moslashtirish masalalariga kompleks tarzda yondashilmoqda. Natijada armiyaning jangovar salohiyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Qurolli Kuchlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bilan ta’minlash islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Raqamli boshqaruv tizimlari, avtomatlashtirilgan qo‘mondonlik va aloqa vositalari, axborot almashinuvining yagona platformalari joriy etilib, qo‘shinlar o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashuv sezilarli darajada oshdi. Bu esa qaror qabul qilish tezligi, axborotlarni qayta ishlash va tahdidlarga nisbatan samarali javob choralarini ko‘rish imkoniyatlarini ta’minlamoqda. Harbiy qismlarda zamonaviy simulyatsiya va trenajyorlar asosida tayyorgarlik o‘tkazish amaliyotining joriy etilishi shaxsiy tarkibning kasbiy mahorati, amaliy ko‘nikmalari hamda jangga tayyorlik darajasini izchil oshirishga xizmat qilmoqda.
Islohotlarning muhim tarkibiy qismi sifatida mahalliy harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. 2017 yildan boshlab ushbu sohada bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilib, mudofaa sanoati korxonalari modernizatsiya qilindi, ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi.

Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda inson kapitali masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, harbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, ofitser va serjantlar korpusini zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xizmatga bo‘lgan mas’uliyat va sadoqatni yanada mustahkamlamoqda.
Qurolli Kuchlarni izchil rivojlantirishda shaxsiy tarkibning kasbiy salohiyati hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois harbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, ofitser va serjantlar korpusini zamonaviy harbiy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar va zamon talablariga mos tayyorgarlik bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatoriga kiritildi. Bu yo‘nalishda harbiy ta’lim muassasalari faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, o‘quv jarayonlariga ilg‘or tajriba va zamonaviy metodikalar joriy etilmoqda.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ham Qurolli Kuchlar faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Harbiy qismlarning yoshlar uchun ochiq bo‘lishi, Temurbeklar maktablarining tashkil etilgani, umumta’lim maktablarida chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik tizimining rivojlantirilishi armiya va xalq o‘rtasidagi uzviy aloqani kuchaytirmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mudofaa siyosati yo‘nalishidagi islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar bugun mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligiga zamin bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA